Dunyoning eng boy biznesmenlarining ofshor hududlarda yashirilgan va soliqqa tortilmaydigan boyligi hajmi taxminan 3,55 trln dollarni tashkil etishi mumkin. Bunday ma’lumotlarni Oxfam xayriya tashkiloti keltirmoqda.
Ushbu hisob-kitoblar 2024 yil holatiga ko‘ra berilgan bo‘lib, o‘sha paytda jahon yalpi ichki mahsuloti (YAIM) 111 trln dollarga baholangan. Gap dunyo YAIMning taxminan 3,2 foizi haqida bormoqda.
Oxfam'ning qayd etishicha, bu summa Fransiya YAIMdan oshib ketadi va dunyodagi eng kam rivojlangan 44 ta mamlakatning umumiy YAIMdan ikki baravar ko‘pdir. Ushbu boylik hajmining qariyb 80 foizi (2,8 trln dollar) dunyodagi eng boy odamlarning bor-yo‘g‘i 0,1 foiziga to‘g‘ri keladi. Bu summaning qariyb yarmi (1,77 trln dollar) esa ularning yanada kichikroq qismiga — 0,01 foiziga to‘g‘ri keladi.
"Gap shunchaki ayyorona buxgalteriya hisobi haqida ketmayapti, gap hukmronlik va jazolanmaslik haqida bormoqda. Millionerlar va milliarderlar trillionlab dollarlarni ofshor hududlarda saqlash orqali o‘zlarini jamiyatning qolgan qismidan ustun qo‘yishadi.
Buning oqibatlari ancha halokatlidir: biz davlat shifoxonalari va maktablari moliyalashtirishdan qanday mahrum bo‘layotganini, jamiyatda tengsizlik qanday o‘sib borayotganini va oddiy odamlar bir guruh shaxslarni boyitish uchun yaratilgan tizimning xarajatlari yukini ko‘tarishga qanday majbur bo‘layotganini ko‘rib turibmiz", — dedi Oxfam tashkilotining soliq yo‘nalishi rahbari Kristian Hallum.