O‘simliklar dunyosiga oid eng so‘nggi kashfiyotlardan biri ularda hasharotlar yoki xatarga qarshi o‘zini himoya qilish qobiliyati borligidir.
Ba’zi mulhidlar Alloh taoloning «Uni hamdi ila poklab yod etmagan hech bir narsa yo‘q. Lekin ularning tasbehini anglamaysizlar» oyatidan taajjublanib, «O‘simlik kabi maxluq qanday qilib gapirishi va Allohga hamd aytib, Uni poklab yod etishi mumkin?» dedilar. Alloh taolo g‘arb olimlarining o‘zlarini o‘simliklar dunyosini uzoq vaqt o‘rganadigan qilib qo‘ydi. O‘rganishlar natijasi esa quyidagicha:
1. O‘simliklar tovush chastotalari tarqatar ekan. Bu olimlar aniqlagan yangi natijadir. Har bir hujayra ichidagi dnk tebranib, biz tushunmaydigan tovush chiqarar ekan. Lekin o‘sha tovushni nozik qurilmalar orqali yozib olish mumkin. Bu tovush Alloh taologa aytilayotgan tasbeh bo‘ladi. Biz o‘sha tovushni eshita olamiz, lekin tushunmaymiz, anglamaymiz. Robbul olamiyn «Lekin ularning tasbehini anglamaysizlar» deb marhamat qilgan.
2. O‘simliklarda miya va asab tizimi bor bo‘lib, ularni o‘zini mudofaa qilish uchun ishlatar ekan. Germaniyalik olimlar o‘simliklarni kuzatishlardan so‘ng tamaki o‘simligi bargini hasharotlar yeyishni boshlaganda, o‘simlik zaharli nikotin moddasini chiqarishini kashf etdilar. Bu esa hasharotning uzoqlashishiga, qochishiga sabab bo‘lar ekan.
Olimlar hasharotlar o‘simliklar bargini yeyishga kelganda, o‘sha o‘simliklar hasharotni uzoqlashtirish uchun zaharli modda yoki badbo‘y hid chiqarishini aniqladilar. Ha, o‘simliklar hissiz maxluqlar emas, ular aqlli maxluqdir.
3. Olimlar boshqa o‘simliklar ustida ham tajribalar o‘tkazdilar. Hasharotlarga ba’zi o‘simlik barglarini tutdilar. Natijada o‘simlik katta hasharotni o‘ziga jalb qilish uchun xushbo‘y hid chiqargan. Xo‘sh, o‘sha o‘simlik o‘zini mudofaa qilish holatida bo‘lsa ham nima uchun xushbo‘y hid chiqardi? Mazkur o‘simlik xushbo‘y hid chiqarish orqali katta hasharotni chaqiradi. Katta hasharot kelib, o‘simlik bargidagi kichik hasharotni olib ketadi va o‘simlikning kichik hasharotdan qutilishiga sabab bo‘ladi. Subhanalloh!
O‘simlik xushbo‘y hid orqali chumolini chaqiradi. Chumoli bu hidni sezgach, o‘sha o‘simlik bargida ozuqa borligini biladi va darhol bargga yetib kelib, kichik hasharotni tutib yeydi. Shu orqali o‘simlik kichik hasharotdan qutiladi. O‘zini mudofaa qilishda ishga soladigan uslubiga qarang!
O‘simliklarning ba’zisiga o‘zidan badbo‘y hid, ba’zisiga xushbo‘y hid chiqarish qobiliyatini ato etgan kim? O‘simliklarga xatardan o‘zini mudofaa qilish yo‘lini o‘rgatgan kim? Xatarning hajmiga qarab o‘zidan qanday modda chiqarishni ularga anglatgan kim? O‘simliklarga bunday imkoniyatlarni kim ato etdi? Albatta, Alloh taolodir! Bunda aslo shak-shubha yo‘q! U Zot Qur’oni Karimda Muso alayhissalom va fir’avn o‘rtasidagi suhbatni shunday bayon qilgan:
U (Fir’avn): «Ikkingizning Robbingiz kim, ey Muso?» – dedi. U: «Robbimiz har narsaga o‘z yaratilishini bergan hamda uni hidoyatga solgan Zotdir», – dedi. (Toha surasi, 49-50-oyatlar).
Alloh taoloning o‘simliklarga bergan shunday imkoniyatlar va zakovatni ko‘rganimizdan keyin Robbimizga yanada ko‘proq tasbeh aytib, Unga ixlos bilan ibodat qilaylik! O‘simliklarga ana shunday qobiliyatni ato qilgan Buyuk Xoliqqa ko‘p-ko‘p tasbeh, hamd aytaylik! Zero, O‘zi bayon qilganidek, o‘simliklar ham Unga hamd aytib, U Zotni poklashadi. Maxluqlar ichida mukarrami va gultoji bo‘lgan biz insonlar Robbimizga yanada ko‘proq hamdu tasbehlar aytishimiz lozimdir!
Abduddoim Kahel maqolasidan Nozimjon Hoshimjon tayyorladi