Dubaydan Toshkentga uchishi kerak bo‘lgan aviareys majburan bekor qilindi, deb xabar bermoqda Uzbekistan Airways axborot xizmati.
Unga ko‘ra, havo kemasining uchishga tayyor emasligi va ekipajning ish vaqti cheklangani sababli 12 sentyabr kungi Dubay–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha HY334 aviaqatnovi majburan bekor qilindi. Yo‘lovchilar 13 sentyabr kungi HY334 muntazam aviaqatnovida olib kelinadi.
Yo‘lovchilarga Dubay shahrida qolish uchun mehmonxona taqdim etiladi. Uzbekistan Airways noqulayliklar uchun uzr so‘radi va aviakompaniya uchun parvozlar xavfsizligi ustuvor vazifa bo‘lib qolishini eslatdi.
Bundan avval O‘zbekistondan Moskvaga uchgan ikki aviareys boshqa aeroportlarga yo‘naltirilgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, havo kemasining kech kelishi munosabati bilan Toshkent—Antaliya—Toshkent HY3223/3224 yo‘nalishi bo‘yicha parvoz o‘zgartirilgan jadval bo‘yicha amalga oshirilgani haqida xabar berilgandi.