Bugun 23 noyabr, 2024 yil, shanba

КИР

Davlat banklaridan 6 tasi xususiylashtiriladi

Davlat banklaridan 6 tasi xususiylashtiriladi

Prezidentning 12 maydagi farmoni bilan, 2020–2025 yillarda O‘zbekiston bank tizimini isloh qilish strategiyasi tasdiqlandi.

Hujjatga asosan, xalqaro moliya institutlari ko‘magida «Ipoteka-bank», «O‘zsanoatqurilishbank», «Asaka», «Aloqabank», «Qishloq qurilish bank» va «Turonbank»dagi davlat ulushlari bosqichma-bosqich xususiylashtiriladi.

Davlat aksiyalari paketi sotuvga chiqarilishidan oldin bu banklarda transformasiya jarayoni o‘tkaziladi.

Qayd etish kerak, ushbu 6ta bank sirasidagi «O‘zsanoatqurilishbank» va «Asaka» banklari – kapitali va aktivlari miqdori, kredit va depozit portfellari hajmi bo‘yicha O‘zbekistondagi ikkinchi va uchinchi raqamli banklar sanaladi.

Mamlakatdagi eng yirik bank – «Tashqi iqtisodiy faoliyati Milliy banki», shuningdek, «Agrobank» va «Mikrokreditbank» ustav kapitallarida davlat ulushi saqlab qolinadi.

Bundan maqsad – bank tizimini isloh qilish davrida aholining moliyaviy xizmatlarga bo‘lgan talabini qondirish, investisiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmini («loyihalar fabrikasi») keng joriy qilish, bank xizmatlarining hududiy qamrovini ta’minlash.

Shuningdek, ayrim banklar faoliyatini diagnostika qilish va moliyaviy ahvolini baholash asosida, me’yoriy talablaridan hamda qayta tashkil etishning iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligidan kelib chiqqan holda qonun hujjatlariga muvofiq konsolidasiya qilinadi.

«Poytaxt bank» va «O‘zagroeksportbank»ni qayta tashkil etish rejalashtirilgan.

Prezident farmoni bilan, Moliya vazirligi huzurida vazirlikning tasdiqlangan shtatlar soni doirasida Davlat ulushiga ega tijorat banklarini transformasiya qilish va xususiylashtirish bo‘yicha Loyiha ofisi tashkil etiladi va unga quyidagi huquqlar beriladi:

  • tijorat banklarini transformasiya qilish va xususiylashtirish jarayonlariga maslahatchi sifatida xalqaro konsultantlarni jalb qilish;
  • tijorat banklarini transformasiya qilish, shuningdek, ulardagi davlat aksiyalari paketini xususiylashtirishga doir masalalarda xalqaro moliya institutlari va salohiyatli xorijiy investorlar bilan muzokaralar olib borish va bitimlar tuzish.

Loyiha ofisiga Moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Omonullo Nasriddinxo‘jayev rahbarlik qiladi.

Markaziy banki va Moliya vazirligiga 2024 yildan kechiktirmay Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon banki dasturi (FSAP) asosida moliyaviy sektor holatini baholash vazifasi topshirildi.

Kiritildi: 09:30 13.05.2020. O'qildi: 3128 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!