Bugun 3 may, 2025 yil, shanba

КИР

Dahshat! Ozodlikda yurgan «Hizbut tahrir»chi bilan suhbat e’lon qilindi

Dahshat! Ozodlikda yurgan «Hizbut tahrir»chi bilan suhbat e’lon qilindi

Minbarda komissiya a’zolari, o‘rtadagi stulda “Hizbut tahrir” diniy ekstremistik oqimiga aralashib, jinoyat kodeksining 159-moddasi bilan 18.5 yil panjara ortida umrini hazon qilgan erkak. O‘zA e’lon qilgan "Hizbut tahrirchi" bilan suhbat shunday so‘zlar bilan boshlanadi.

U 44 yoshda. Bugun oilasi davrasiga qaytgan. Ozodlikdan mahrum etilganda 4 yosh bo‘lgan farzandi bugun 21 yoshli yigit, uylanish arafasida. Salkam 19 yil ichida uning ayoli ikki o‘g‘lini yolg‘iz katta qildi.

 

Stulda huddi mahbuslardek boshini egib o‘tirgan kishiga qarab, o‘ylayman... Farzandlari “Otam qani», deb onasini necha bor qiynadi ekan. Hovlilari nurab ketgandir, turmushning og‘ir kunlarini yolg‘iz boshi bilan qarshi olgan ayoliyam zaiflashib, keksayib qolgandir... Bugun oilaning kattasi uyga qaytgan-u, biroq begonadek. Komissiya uni suhbatga tortadi:

 

— Qilgan qilmishingizdan afsusdamisiz?

 

— Yo‘q, fikrlarimni xato deb bilmayman.

— Shuncha, umringizni zoye o‘tkazdingiz «Hizbut-tahrir»dan qaytmadingizmi?

— Qaytmadim. Men o‘z g‘oyalarimni to‘g‘ri deb bilaman.

— Qasam ichganmisiz?

— Ha, dorisman.

 

Komissiya a’zolari orasida din bo‘yicha mutaxassis unga yuzlanadi:

— Birinchi nozil bo‘lgan surani bilasizmi?

— Yo‘q, o‘qimaganman...

— Birinchi nozil bo‘lgan buyruqni, kalomni bilasizmi?

— Ha, “Iqro”

— Ha, “Iqro” “O‘qi” degani siz shu birinchi nozil bo‘lgan buyruqqa amal qildingizmi?

— Yo‘q...

—Ota-onangiz ham sizni diniy qarashlaringizni qo‘llab-quvvatlaydimi?

— Yo‘q.

— Demak, ota-onangiz sizdan norozi, shu to‘g‘rimi?

—Ular meni diniy qarashlarimni tushunishmaydi.

— Qanday diniy kitobni o‘qigansiz?

—....

— Bizning qaysi ulamolarimiz «Hizbut tahrir» oqimida bo‘lgan? Al-Buxoriy risolalarida «Hizbut tahrir» haqida bironta fikr uchramaydi. Sizni hozirda erkinlikda yurib, Allohning 5 farzini bajarishingizga nima, kim to‘sqinlik qilyapti?

— Hech kim halaqit qilayotgani yo‘q.

— O‘zingiz o‘ylang, salkam 19 yil umringizni qamoqda o‘tkazdingiz. Shu vaqt ichida ozodlikda yurib ko‘proq yaxshilik qilishingiz mumkin edi. Ota-onangiz tirik ekan ularning xizmatlarini qilib savob olishdek imkoniyatga egasiz. Bugun, «Hizbut tahrir» fikrlardan qaytmagan bo‘lsangiz, bizni gunohkor adashgan bandalar, deb bilsangiz ham biz sizga yordam qo‘lini cho‘zamiz. Keling shu g‘oyalaringizdan voz keching. Masjidga kelib istasangiz, islom dini mutaxassislarimizdan ilm oling. Haqiqiy islomni anglang.

— Yo‘q, qasamimdan voz kecha olmayman.

Suhbat davomida din mutaxassislari Nodirga (ismi o‘zgartirilgan) adashib, noto‘g‘ri ichilgan qasamdan qaytish va uning kaforati haqida tushuntirdilar. Biroq, Nodirning o‘zi shu xonada-yu, uning hayollari hamon o‘sha oqimning g‘oyalari bilan banddek edi, nazarimda.

 

Komissiya a’zolari orasida bo‘lgan Toshkent shahar otinoyisi ham erkakning oilasi va farzandlari bilan qiziqadi. Savollarga beparvo javob qaytargan Nodirning ertasi kuniga ham katta umid va yaxshi rejalar bilan qaramayotganini sezish mumkin edi.

 

Komissiya a’zolari yana ancha pand nasihat qildi. Uni ishga joylashda, davolanishda davlat ko‘maklashishga tayyorligini aytdi. Hayotda nimadan norozligi so‘raldi. Qanchalar urinilmasin bu inson o‘z fikridan, ongiga allaqachonlar o‘rnashib bo‘lgan g‘oyadan qaytmadi.

 

Minbarda o‘tirgan komissiya a’zolari va chetdagi adashgan fuqaro o‘rtasida qalin ko‘rinmas devor borligi sezilib turardi, u suhbat so‘ngigacha saqlanib qoldi. Komissiya a’zolari orasida o‘tirgan suhbatni kuzatgan psixologlarning fikricha ular yo‘ldan adashgan, umrini eng navqiron qismini panjara ortida o‘tkazgan, atrofidagilardan, jamiyatdan norozi toifadir. Shuning uchun, muammoga boshqacha yondoshuv kerakligini, adashgan fuqaroni alohida ajratib emas, u bilan tengma-teng o‘tirib unga yaqinlashib, uning ko‘ngliga yo‘l topgan ma’quligini aytishdi.

 

Bu odamlarning ko‘ngiliga yanada yaqinroq kirish ularni jamiyatimizga qaytarishda nazarimizda harakatni to‘xtatmaslik kerak. Ular adashgan bo‘lsa-da, shu yurtning fuqarosi, yurtdoshimiz va oramizdagi odamlardan biri. Qachonlardir biz ularga befarqlik qilib, nojo‘ya tashkilotlarga aralashib qolishiga yo‘l qo‘yib berganmiz.

 

Jazoni o‘tash joylaridan qaytgan fuqarolarimizga bugun mahalla, qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘lar befarq bo‘lmasligi kerak.

Xona chekkasida stolda boshini egib o‘tirgan erkakning g‘amgin yuzlari, jamiyatdan chetda qolganini his etib turgan ko‘zlari yodimdan ketmaydi. Unda g‘amginlik va shu bilan birga qaysarlikni ham sezish mumkin edi. Uningcha u faqat to‘g‘ri yo‘lda-yu, boshqalar adashgan. U shu qaysarligi, fikriy ojizligi tufayli 19 yillik umrini panjara ortida o‘tkazdi. Jazo muddatini o‘tash hududida u yorug‘, erkinlikdagi hayotdan allaqachon umid uzganini aytadi. Lekin, jamoatchilik undan voz kechmadi, unga yordam qo‘lini cho‘zmoqda. Uni yana oilasi bag‘riga qaytishga imkon berdi...

 

Toshkentning “Shayh Zayniddin” jome’ masjidida Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Shuhrat Turdiqulov va masjidning din ulamolari, otinoyilar 159-modda bilan ozodlikdan mahrum etilib, jazoni o‘tab kelgan fuqarolar bilan bo‘lgan uchrashuvdan. Mazkur suhbat «Hokimning bir ish kuni» loyihasi asosida tayyorlandi.

Anora Sodiqova

Kiritildi: 01:11 28.05.2018. O'qildi: 1608 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!