AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati CNN, MS NOW va Politico jurnalistlarining Oq uyga kirish huquqini qayta tikladi.
Avvalroq, 24 sentyabr kuni federal sudya Timoti Kelli ma’muriyatga jurnalistlarning Oq uy hududiga kirishini tiklashni buyurgan edi. Biroq sud qaroriga qaramay, o‘sha kuni uchta nashr jurnalistlari kirishda yana muammolarga duch kelgan.
Shundan so‘ng nashrlar sudga murojaat qilib, ma’muriyat sud buyrug‘ini bajarmayotganini bildirgan. Sud belgilangan muddat ichida ma’muriyatdan javob berishni talab qilgan.
Muddat tugashiga bir soatdan kam vaqt qolganda MS NOW jurnalistlariga Oq uyga kirishga ruxsat berilgan. Keyin CNN va Politico vakillari ham ularning ruxsatnomalari tiklanganini ma’lum qilgan.
Tramp 18 sentyabr kuni ushbu uchta nashr jurnalistlarining Oq uyga kirishini cheklagan va ularni «soxta xabarlar» tarqatishda ayblagan edi. Nashrlar ma’muriyat qarorini so‘z va matbuot erkinligi kafolatlarini buzgani yuzasidan sudga bergan.