Toshkent viloyatidan o‘tgan Chirchiq daryosidan qum-shag‘al qazib olinishi oqibatida tabiatga qariyb 700 mlrd so‘m zarar yetkazilgani aniqlandi, deya xabar bermoqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi.
Qayd etilishicha, reyd davomida fuqaro A.Q. daryodan Volvo ekskavatori va Howo yuk mashinasi bilan tabiiy qum-shag‘al qazib olgani, ularni tosh maydalash sexiga tashib olib ketayotgani aniqlangan.
Bu bilan «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonunning hamda «Er osti boyliklari to‘g‘risida»gi qonunning talablari buzilgan. Ekologik nazorat inspeksiyasi xodimlari transport vositalarini holatga oydinlik kiritilgunga qadar jarima maydoniga qo‘ygan.
Yuqoridagi qonunbuzarlik oqibatida tabiatga 674 mlrd 048 mln so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar holatga huquqiy baho berish va aybdorlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rish maqsadida Bosh prokuraturaga yuborildi, deyiladi xabarda.