Endilikda chiqindidan qarzi borlarga tezda elektr to‘lovi uchun taqiq qo‘yilmaydi. Qarzni to‘lash uchun 5 kun muddat beriladi. Bu haqda chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish sohasida yangi to‘lov mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan qonun loyihasi kecha, 24 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ikkinchi o‘qishda atroflicha ko‘rib chiqildi.
Qayd etilishicha, endi chiqindidan qarzi bor iste’molchiga qarzdorlik yuzasidan qisqa xabar yuborilgandan so‘ng tezda elektr to‘lovi uchun taqiq qo‘yilmaydi. Buning uchun 5 kunlik muddat beriladi. Shunda ham iste’molchi qarzdorlikni bartaraf etmasa, shu davrdan boshlab uning elektr uchun qilgan to‘lovi qabul qilinmaydi.
Bundan tashqari, maishiy chiqindilarni olib chiqib ketishga ixtisoslashgan tashkilotlarning zimmasiga ham majburiyatlar yuklandi. Ya’ni bundan buyon mazkur turdagi tashkilotlar chiqindi uchun qilingan to‘lovlarning haqqoniy va to‘g‘ri hisoblanishi uchun javobgar hisoblanadi. Agar ushbu talablar buzilsa, xizmat ko‘rsatuvchi tomon iste’molchiga yetkazilgan zararni qoplab beradi.
Bildirilishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi chiqindilarni to‘plash va olib chiqish bo‘yicha aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lov mexanizmlarini takomillashtirishga, chiqindi xizmatlarini ko‘rsatish sifatini oshirishga xizmat qiladi. Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilingan.