Chexiya Mudofaa vazirligi Ukraina Qurolli kuchlari uchun o‘q-dorilar tashabbusidagi ishtirokini to‘xtatish bo‘yicha hujjatlarni tayyorlaydi. Bu haqda parlament deputatlari palatasi spikeri va hukmron koalisiyaga kiruvchi SPD (“Ozodlik va to‘g‘ridan-to‘g‘ri demokratiya”) harakati yetakchisi Tomio Okamura ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Mudofaa vazirligi Ukrainaga o‘q-dorilar yetkazib berish bo‘yicha tashabbusda harbiy idoraning ishtirokini to‘xtatish to‘g‘risidagi qarori uchun hujjatlarni tayyorlaydi.
Okamuraning ta’kidlashicha, mazkur hujjatlar avval koalisiya kengashida, keyin esa hukumat tomonidan muhokama qilinadi.
Shuningdek, u “byudjetdan olingan pullar endi Ukraina uchun o‘q-dorilar va qurol-yarog‘ sotib olishga sarflanmasligini” qayd etdi.
Shu bilan birga, Chexiyaning AQShdan F-35 qiruvchi samolyotlarini xarid qilishi masalasiga to‘xtalgan Okamura “SPD uchun bu xarid noo‘rin va juda qimmat”, deb bildirdi. Uning aytishicha, ushbu masala respublika Vazirlar Mahkamasida muhokama qilinishi kerak.
Ma’lumot uchun, 2024 yilda Chexiya rahbariyati uchinchi mamlakatlarda yirik kalibrli artilleriya snaryadlarini jamlab, keyinchalik ularni Ukrainaga yetkazib berish tashabbusi bilan chiqqan edi. Bu tashabbusni bir qator G‘arb davlatlari moliyaviy qo‘llab-quvvatladi.
Shu tariqa, 2024 yilda Ukraina Qurolli kuchlari 1,5 million, 2025 yilda esa 1,8 million artilleriya snaryadlarini oldi. Loyihani amalga oshirishda Chexiya asosan Niderlandiya va Daniya bilan hamkorlik qildi.
Chexiya tashqi ishlar vazirligining sobiq rahbari Yan Lipavskiy CNN Prima NEWS telekanali efirida ma’lum qilishicha, Ukraina uchun o‘q-dorilar tashabbusini moliyalashtirgan G‘arb davlatlari jami taxminan 100 milliard kron (qariyb 4,8 milliard dollar) mablag‘ ajratgan.
Moskva bir necha bor Ukrainaga qurol yetkazib berish mamlakatni to‘g‘ridan-to‘g‘ri mojaroga tortuvchi xatti-harakatlar ekanini ta’kidlagan. Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrovning ta’kidlashicha, Ukrainaga yuborilayotgan har qanday qurol-aslaha yuki Rossiya uchun qonuniy nishon hisoblanadi.
Kreml G‘arbning qurol yetkazib berishi Ukraina bo‘yicha muzokaralarga yordam bermasligi, aksincha, vaziyatni yanada keskinlashtirishini qayd etadi.