Chernobil atom elektr stansiyasida portlash sodir bo‘ldi. Energetika agentligining ma’lum qilishicha, sobiq Chernobil atom elektr stansiyasida tungi portlash oqibatida jabrlanganlar qayd etilmagan. Shuningdek, hududdagi radiasiya darajasi me’yorda qolayotgani ta’kidlangan.
Juma kuni Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) ma’lum qilishicha, Ukraina shimolida joylashgan sobiq Chernobil atom elektr stansiyasi hududida kechasi yuz bergan portlash natijasida yong‘in kelib chiqqan.
Agentlik xabariga ko‘ra, portlash 4-reaktor qoldiqlarini himoya qiluvchi "Yangi xavfsiz qobiq" nomli gumbazsimon inshootda sodir bo‘lgan.
Qurbonlar yo‘qligi aytilgan.
"Inshoot ichida va tashqarisida radiasiya darajasi me’yorida va barqaror holatda saqlanmoqda. MAGATE vaziyatni kuzatishni davom ettirmoqda," - deya ta’kidlangan agentlikning X ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotida.
Chernobilga kim zarba berdi?
Zelenskiy Rossiya dronini ayblayapti.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy portlashga Rossiya dronlari hujumi sabab bo‘lganini ma’lum qildi.
U yong‘in o‘chirilganini, biroq ob’ektning himoya gumbaziga jiddiy zarar yetganini aytdi.
MAGATE rahbari RafaEl Grossining ta’kidlashicha, tunda sodir bo‘lgan voqea, shuningdek, Rossiyaning Ukrainadagi urushi fonida Zaporijjya atom elektr stansiyasi atrofida harbiy faollikning kuchayishi "yadroviy xavfsizlikka doimiy tahdidlar"ni keltirib chiqarmoqda.
"Xotirjamlikka o‘rin yo‘q va MAGATE yuqori darajadagi shaylikda qolmoqda," - dedi u.
Chernobil - 1986 yil 26 aprelda 4-raqamli reaktorning portlashi bilan boshlangan dunyodagi eng dahshatli yadroviy falokat sodir bo‘lgan joy. Vayron qilingan reaktor atrofidagi yangi xavfsiz qobiq 2018 yilda qurib bitkazilgan.