Cambridge Dictionary «human» so‘zini 2026 yilning eng muhim so‘zi deb topdi. Lug‘at tuzuvchilarining ta’kidlashicha, sun’iy intellektning jadal rivojlanishi odamlar va mashinalar o‘rtasidagi chegarani tobora xiralashtirmoqda. Shu sababli inson tomonidan yaratilgan kontentni neyron tarmoqlari ishlab chiqargan materiallardan ajratishga ehtiyoj ortib bormoqda.
Lug‘atda «human» so‘zi xudolar, hayvonlar yoki mashinalardan farqli ravishda, odamlarga xos fazilatlar, kamchiliklar va his-tuyg‘ularga ega mavjudot sifatida ta’riflangan.
«Human-written» va «human-created» kabi iboralar ham inson tomonidan yozilgan yoki yaratilgan materiallarni sun’iy intellekt mahsulotlaridan farqlash maqsadida tobora ko‘proq qo‘llanilmoqda.
2026 yilning eng muhim so‘zi nomiga «human»dan tashqari yana to‘rtta so‘z nomzod bo‘lgan:
analog — internet va raqamli texnologiyalarsiz hayot tarzi. Bu so‘z qog‘oz kitoblar o‘qish, to‘qish va vinil plastinkalar tinglash kabi oflayn mashg‘ulotlarga qiziqish qayta ortayotganini aks ettiradi.
agent — insonning doimiy nazoratisiz harakat qilish va qaror qabul qilish imkoniga ega sun’iy intellekt tizimi. Bu atama avtonom sun’iy intellekt agentlari rivojlanishi va ularning jamiyatdagi o‘rni haqidagi munozaralar bilan bog‘liq.
useful — jismoniy, axloqiy yoki hissiy jihatdan hayot sifatini yaxshilaydigan narsa. U g‘amxo‘rlik, farovonlik va sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan e’tiborni ifodalaydi.
chic — zamonaviy, nafis va didli uslub. Bu so‘z yilning moda va estetik tendensiyalarini aks ettiradi.
Cambridge lug‘ati mutaxassislari «human» so‘zini tanlash orqali sun’iy intellekt taraqqiyoti davrida inson ijodkorligi, o‘zaro muloqoti va haqiqiyligini qayta baholashga bo‘lgan ehtiyoj ortib borayotganini ta’kidlagan.