Xitoy avtogiganti BYD kompaniyasi Yuan modelining byudjet varianti Yuan UP elektromobili suratlarini taqdim etdi.
Yuan UP avtomobilining o‘lchamlari uzunligi 4310mm, kengligi 1830mm, balandligi 1675 mm.ni, g‘ildirak o‘qlari bazasi 2620 mm.ni tashkil etadi. Solishtirish uchun Tracker va Hyundai Creta avtomobillaridan barcha parametrlar bo‘yicha kattaroq bo‘ladi. Kengligi va balandligi bo‘yicha esa Kia Seltosni ham ortda qoldiradi.
Yuan UP modeliga xuddi BYD Dolphin modelida bo‘lgani kabi quvvati 70 kVt va 130 kVtlik ikkita elektr motor o‘rnatiladi. Uning maksimal tezligi 160 km/soatgacha bo‘ladi. BYD Yuan UP litiy temir fosfatli ikki xil batareya bilan jihozlanadi. Arzonroq komplektasiyasiga sig‘imi 32 kVt/s bo‘lgan, maksimal komplektasiyasiga esa sig‘imi 45,1 kVt/s.lik batareya o‘rnatiladi. Bu unga to‘liq quvvat bilan 401 km.gacha (oddiy komplektasiya 301 km) masofa bosib o‘tish imkoniyatini beradi.
Yuan UP elektromobili Xitoyda 100 ming yuandan (14 085 AQSh dollari) sotuvga chiqishi rejalashtirilmoqda. Agar shunday bo‘lsa, O‘zbekistonga kelguniga qadar uning narxi taxminan 17-18 ming dollarga aylanadi. Elektromobilda panorama tom va lyuk borligini (aynan YE2ga yetishmagan jihat) hisobga olsak, bunday narx bilan u O‘zbekistonda Tracker savdosini sindirishini taxmin qilish mumkin.