Buyuk Britaniyada Islomga kirayotgan ayollar soni kun sayin oshib boryapti. Ularning nima uchun musulmon bo‘layotganlari borasida Key Jardin bir tadqiqot o‘tkazdi. Ta’qib, ruhiy tushkunlik va bedorlikdan aziyat chekkan Kimberli Mak Krindl tengdoshlarining mazax qilib, kulishlari sabab o‘zini jamiyatga begonadek his etardi. Shu bois 19 yoshli talaba qiz yangi, osuda hayot tarzini qidira boshladi.
Mak Krindlning oilasi dahriy edi. Penkuikadagi oliy maktabda ta’lim olguniga qadar hatto uning diniy ma’lumoti ham bo‘lmagan. Oliy maktabda o‘qib yurgan kezlari u har yakshanba mahalliy cherkovga qatnashga odatlandi. Lekin qidirayotgan huzur-halovatini topolmadi. Edinburgdagi kollejga o‘qishga kirgach esa, bir necha musulmon dugonalar orttirdi va ular orqali ilk bor Islom bilan tanishdi. Keyingi hayoti haqida o‘zi bunday hikoya qiladi:
“Men halovat qidirdim. O‘tmishim juda og‘ir kechgan. Maktabda ko‘p qiynalganman, odamlar meni beso‘naqay va badbashara deyishardi. Shu sababli baxtga erishish yo‘lini qidira boshladim. Haftada bir marta cherkovga borishga harakat qilardim. Lekin bu harakatim faqat qiziqish edi, xolos. Men negadir o‘zimni nasroniy deb hisoblamasdim. Cherkovga go‘yo begonadek edim.
Masjidda esa qalb bir osudalikni his qiladi. Kunlik besh mahal ibodat bilan o‘y-fikrni bir yerga jamlab, aniq maqsadni belgilab olasiz. Bunda Qur’oni Karim yo‘lboshchilik qiladi. Uni o‘qirkansiz, ruhda bir yengillik sezasiz”.
Mak Krindl Islomni qabul qilganiga uch yil bo‘ldi. Turmush qurgach, ismini «Tasnim Solih» deb o‘zgartirdi. U Buyuk Briganiyadagi kundan-kun ko‘payib borayotgan muslima ayollardan biri.

Aniq ma’lumotlar bo‘lmasa-da, Islomni qabul qilayottanlar soni oshyapti, ularning asosiy qismini ayollar tashkil etadi, deya ta’kidlaydi Glazgo universitetining ijtimoiy antropologiya bo‘yicha bosh ma’ruzachisi, Buyuk Britaniyada Islom munosabatlari eksperti Nikol Burk.
"Insonlar hamma vaqt Islomni qabul qilib kelgan, – deydi u. – Mendagi ma’lumotlarga ko‘ra, birgina Glazgoda hozir Islomni qabul qilganlar ikki yuz kishini tashkil etadi, lekin bu ko‘rsatkich ham taxminiy. Aniq raqamlar ma’lum emas.
Glazgodagi Kazra masjidi imomi Muhammad Farogul Qadrining aytishicha, inson Allohga yaqin bo‘lishi uchun qalb va ongida xotirjamlikni, Haq taoloning rububiyatini his qilishi juda muhimdir.
G‘arbda keng yoyilgan Islomning ayollarga yomon munosabatda bo‘lishi haqidagi yolg‘on tushuncha tufayli hurfikrli G‘arb ayollarining aksariyati Islom dinining asl mohiyatini anglab yetish imkoniga ega bo‘lolmayapti.
Glazgo va Edinburgda Islomni qabul qilayotgan ayollarning nega hayotlarini bunday o‘zgartirayotganlari o‘rganib chiqildi.
Yigirma yetti yoshlik Baxiyya Malik (sobiq Lyusi Norris) uchun bu narsani tushuntirib berish qiyin. Edinburgda yashovchi opa-singil Baxiyya, Viktoriya va ularning akasi G‘arbiy Midenning kichkina qishloq cherkovida har yakshanba nasroniylik ta’limini olishardi. Yoshlari ulg‘aygach cherkovga bormay qo‘yishdi. Yetti yil oldin akalari imon keltirib, musulmon bo‘lganidan so‘ng, egizak qizlar ham Islomni qabul qilishdi.
"Balki yoshlik davrimiz bunchalik baxtli o‘tmagandir. O‘sha paytda bizga nimadir yetishmayotganini his qilardik. Lekin ozgina tortinchoqligimizni hisobga olmasak, oddiy insonlar qatori hayot kechirganmiz", deydi Baxiyya. U Edinburgda "Ommaviy axborot vositalari va televideniye" mutaxassisligi bo‘yicha o‘qigan kezlari ham shunday qoniqmaslik hissini tuygan.
Olti oy Islom dinini o‘rganganidan so‘ng Baxiyya qidirgan narsasini topgandek bo‘ldi va Londondagi masjidga borib, musulmon bo‘lganini e’lon qildi.
"Menimcha, qalbning o‘zi Islomga intiladi, – deydi u. – Buni so‘z bilan ifodalash qiyin. Qalb sizga bo‘ysunmagan holda, ichki intilish Alloh tomonidan ekanini aytayotgandek bo‘ladi".
Musulmon bo‘layotgan ayollarning Islomga nisbatan mavjud noto‘g‘ri talqinlardan xabarlari bor. Ular bu fikrlarning yolg‘on ekanini alla-qachon tushunib yetishgan.
"Siz o‘zingizni har doim nazorat qilib yurasiz, – deydi Tasnim. – Musulmon erkaklar sizni muslima ayol sifatida hurmatlab, yordam berishga harakat qilishadi. Hurmat va himoyaga sazovor bo‘lasiz".
Baxiyyaning aytishicha: "O‘zingizni qanchalik libos bilan berkitsangiz, sizga shunchalik ehtiros bilan qarashmaydi va siz bilan bir inson sifatida hisoblashishga majbur bo‘lishadi. Bu hol esa sizga erkinlik beradi".
Odatda musulmon ayollar uydan tashqarida pardozdan foydalanishmaydi. Tashqi ko‘rinish hech qanday ahamiyat kasb etmasligini ular bilishadi. Shuningdek, britaniyalik ayollar Islomni qabul qilgunlariga qadar bo‘lgan holatlarda yurishni endi xohlashmayapti.
Glazgoda yashovchi Xafsa Xashmi bundan 24 yil oldin Islomni qabul qilgan. "Bizning maqsadimiz dunyo hayoti va oxirat hayotidir. Ayrim insonlar uchun bu g‘alati tuyulishi mumkin. O‘lar o‘lim haqida o‘ylamaydilar. Holbuki, Islom dinida oxiratga ishonch imonning asosiy shartlaridan biri. Solih amallar qilayotganingizni bilsangiz, hayotimiz ham yaxshi o‘tadi», deydi u.
Islomni qabul qilayotganlar uchun katta mas’uliyat yuklanadi. Ular kunlik besh mahal ibodatni qilishlari, yeyayotgan taomlariga e’tibor berishlari lozim. Ba’zilari ish joylarida boshliqlari bilan kelishgan holda alohida ajratilgan xonalarda bemalol ibodat qilishadi.
Musulmonlikni tanlagan ayollar, shuningdek, tashqi ko‘rinishlarini o‘zgartirishlari lozimdir. Shariatda belgilanganidek, ayollar kamtarona kiyinishlari kerak. Tasnim ilk bor hijobga kirganida odamlarning unga boshqacha ko‘z bilan qarashlaridan noqulay vaziyatga tushardi. Keyinchalik, hatto hijobini yechishga ham majbur qilishdi.
"Odamlar menga: "Uyingga yo‘qol!" deya baqirishardi. Bir kishi kollejdagi avtobus bekatida turganimda, menga tupurgan ham. Biroq hozir unday tazyiqlar yo‘q, yana hijobda yuribman. Shunday kiyinsam o‘zimni yanada ishonchliroq his qilaman", deydi u.
Baxiyya musulmon bo‘lgan kunidanoq hijob kiygan edi, lekin ota-onasi bunga qarshilik ko‘rsatishdi. Bir necha munozaralardan so‘ng, oxiri rozi bo‘lishdi.
Tasnimning qarori uning daxriy ota-onasini g‘azablantirib yubordi. "Mendagi o‘zgarishni ular dastlab o‘tkinchi havas deb o‘ylashdi, biroq hijobga kirganimni ko‘rib, ahdim qat’iy ekaniga ishonishdi. Oila qurish borasida so‘z ochganimda esa, ortiq chidab turisholmadi. Ular boshqa millatga mansub, o‘zimdan yoshi katta musulmon kishi bilan turmush qurishimga rozi bo‘lolmas edilar".
Tasnim onasi bilan oldingidek yaqin, bir-birlari bilan yaxshi munosabatda bo‘lsalar-da, e’tiqod masalasida gaplashmaslikka harakat qilishadi. Otasi esa u bilan aloqani uzib qo‘ydi.
Yigirma to‘rt yil oldin Islomga kirishi g‘ayritabiiy hodisa tuyulgani uchun, o‘z qarorini ota-onasiga aytish Xafsaga qiyin bo‘lgan. Ularga bu gap umuman teskari ta’sir ko‘rsatgan. "Menimcha, onam men turmushga chiqayotgan kishi sababli musulmonlikni qabul qilgan deb o‘ylagan. Lekin men to‘rt yil oldin imon keltirib, musulmon bo‘lgan edim. Oila qurgunimga qadar ota-onam bundan bexabar edi. To‘yimiz bo‘lib o‘tganidan keyin onam: "Agar sen baxtli bo‘lsang, men ham baxtiyorman", dedi. Biroq chamamda u baribir norozidek edi. Otam esa o‘z yo‘limni topganimdan xursand bo‘ldi. Har ikkisining o‘rtasidagi farq ham shunda".
Tasnim ikki yil oldin sudanlik Sobir bilan turmush qurgan. U ilgari o‘zini bunchalik baxtli his qilmagan. "Turmush o‘rtog‘imni kollejda uchratib qolganman. Men unga ingliz tilini o‘rgatardim, u esa menga Islom dini haqida gapirib berardi", deydi u.
Baxiyyaning turmush o‘rtog‘i Sharafiddin (sobiq Kameron) ham musulmonlikni yaqinda qabul qilganlardan.
Tasnim, Baxiyya va Xafsa ayrim taomlarni iste’mol qilishmaydi, shuningdek, mast qiluvchi ichimliklar ham ichishmaydi. Ayollarning aytishicha, ular musulmon bo‘lgunlariga qadar o‘tgan turmush tarzlarini sira qo‘msamaydilar.
"Men uchun Islom yetarli, – deydi Baxiyya. – Agar siz hidoyat yo‘lini tanlasangiz, boshqa hech narsaga ehtiyoj sezmaysiz".
Musulmon bo‘lgach, Tasnim uzoq yillar qidirgan baxtiga erishdi. "Islom sizning hayotga munosabatingizni, xulq-atvoringizni va fikrlash tarzingizni tubdan o‘zgartirib yuboradi, – deydi u. – Hozir men o‘zimni yanada qat’iyatli, baxtli va mamnun his qilyapman. Men orzu qilgan narsamga erishdim..."
Manba: azon.uz