Bugun, 7 aprel kuni Buyuk Britaniyada harbiy harakatlar tugaganidan keyin Hormuz bo‘g‘ozida xavfsizlikni ta’minlash variantlarini muhokama qilish uchun 40 ta davlatdan kelgan harbiy mutaxassislar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tadi.
Bu haqda Financial Times nashri xabar berdi.
Nashrning xabar berishicha, uchrashuv videokonferensiya orqali o‘tkaziladi. Unda mart oyida Eronni "tahdidlarni, minalarni qo‘yishni, dron va raketa hujumlarini va Hormuz bo‘g‘ozini tijorat kemalari uchun to‘sib qo‘yishga qaratilgan boshqa urinishlarni darhol to‘xtatishga" chaqiruvchi qo‘shma bayonotni imzolagan davlatlar vakillari ishtirok etadi.
Hujjat dastlab Buyuk Britaniya, Italiya, Niderlandiya, Fransiya, Germaniya va Yaponiya rahbarlari tomonidan imzolangan. Keyinchalik ularga Avstraliya, Bahrayn, Dominikan Respublikasi, Kanada, Yangi Zelandiya, Panama, Trinidad va Tobago, Birlashgan Arab Amirliklari va Koreya Respublikasi kabi 30 dan ortiq davlatlar qo‘shildi.
Ta’kidlanishicha, aynan shu davlatlar ilgari Hormuz bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyatga bag‘ishlangan tashqi ishlar vazirlari darajasidagi xavfsizlik konferensiyasida ishtirok etgan. Uchrashuv 2 aprel kuni London tashabbusi bilan onlayn tarzda o‘tkazildi.
Financial Times xabariga ko‘ra, bo‘lajak yig‘ilishda Britaniyaning yuqori lavozimli harbiy amaldori kirish nutqi bilan chiqish qiladi va u London yaqinidagi Nortvud dengiz bazasidan muvofiqlashtiriladi.
Nashrning ta’kidlashicha, dengiz koalisiyasini yaratish ishtirokchi mamlakatlarning harbiy imkoniyatlaridagi farqlar tufayli murakkablashmoqda. Xususan, ba’zi davlatlar mina qo‘riqchilari bilan ta’minlashga tayyor, ammo ularni himoya qilish uchun fregatlar bilan ta’minlamaydi. Shuningdek, koalisiya NATO missiyasi sifatida ishlamasligi va ittifoqdan tashqaridagi mamlakatlarni o‘z ichiga olishi taxmin qilinmoqda.