Bugun 29 aprel, 2024 yil, dushanba

КИР

Buxorodagi savrakliklar: "Yonimizdagi quvurdan gaz o‘tgan, biz esa tezak yoqib o‘tiribmiz"

Buxorodagi savrakliklar: "Yonimizdagi quvurdan gaz o‘tgan, biz esa tezak yoqib o‘tiribmiz"

Shofirkon tumani, «Tinchlik» MFYdagi Savrak qishlog‘i tuman markazidan 1,5 kilometr uzoqlikda joylashgan, Yuqori Savrak hamda Quyi Savrakdan iborat.

2016 yilning may oyida mavjud 958 ta xonadon tabiiy gaz quvurlari 2-3 oy ichida ta’mirlanishi vaji bilan tarmoqdan uzib qo‘yilgan. Kutilmaganda ushbu ne’matdan bebahra qolishgani aholining xavotirlanishiga sabab bo‘ldi. Oradan 3 yil o‘tsa-da, tabiiy gaz quvurlari tarmoqqa ulanmagan. Biroq, qishloqdagi 810 xonadon ikki yil orasida hashar yo‘li bilan alohida, yangi tarmoq yotqizib, tabiiy gazdan foydalanib kelishga muvaffaq bo‘lgan. Ayni vaqtgacha esa 187 xonadon, shuningdek, 180 o‘rinli «Tinchlik» maktabgacha ta’lim muassasasi hamda 640 o‘rinli 12-umumta’lim maktabi tarmoqdan butunlay uzib qo‘yilgan.

«Pul tabiiy gazdek havoga uchadimi?»

«Bormagan joyimiz, kirmagan eshigimiz qolmadi. Ko‘p joylarga yozdik ham. Mutasaddilar esa muammoni aytsang, ‘yozuvchi’ga chiqarishadi. Mayli, shunday dashnomniyam eshitdik. Ammo ko‘zni ko‘r, quloqni kar qilib turaverish ularga yarashadimi? Savrak 2016 yilda tabiiy gaz tarmoqlaridan uzib qo‘yilgach, 2017 yil iyun oyidan boshlab qishloq aholisi hashar yo‘li bilan quvurlarni ta’mirlab, qayta ulanishdi. Qishloqning ulanmay qolgan chorak qismini ham tabiiy gazga qayta ulash bo‘yicha ‘Buxorogaz’ hamda Shofirkon tuman hokimiga murojaat qildik. 2017 yilning dekabr oyidagi murojaatimizga yozma javob qaytarildi. Unga ko‘ra, yer osti tabiiy gaz quvurlarining yaroqsiz holga kelib qolgani, ularni almashtirish uchun uchastka omborxonasida gaz quvurlari mavjud emasligi, mahalliy aholi bilan kelishgan holda hashar yo‘li orqali tabiiy gaz quvurlari olishimiz va tarmoqqa ulanishimiz mumkinligi tushuntirilgan (Bu hududiy filialning Shofirkon tumanlararo gaz ta’minoti uchastkasi tomonidan 2018-yining 15 iyun oyida chiqarilgan №357-sonli xatda ham o‘z aksini topgan). Afsuski, barchasini bajarganimizdan so‘ng aholidan hashar yo‘li bilan yig‘ilgan 130 million so‘m evaziga yotqizilgan quvurlarni tabiiy gaz tarmog‘iga ulash bekor qilindi. Shuncha pul xuddi tabiiy gazdek havoga uchayotganiga chidash mumkinmi?!»,—deyiladi aholi murojaatida.

Ma’lumotga ko‘ra, tuman markazidan qishloqning qolgan qismiga aholidan hashar yo‘li bilan 2,4 kilometr masofaga D-100 mm hajmli yangi tabiiy gaz quvuri tarmog‘i yotqizish uchun «Tinchlik» MFYda yig‘ilish o‘tkazilgan. Tabiiy gaz quvurlarini almashtirish, kerakli jihozlarni sotib olish, payvandchi va xizmat ko‘rsatuvchi ishchilarga ish haqi to‘lash maqsadida homiylar topish, yetmagan qismini esa ixtiyoriy ravishda aholidan pul yig‘ish yo‘li bilan to‘ldirish taklifi kiritilgan.

Barcha sarf-xarajatlar hisobga olingan holda har bir xonadondan ixtiyoriy ravishda 700 000 (etti yuz ming) so‘mdan pul yig‘ilgan. Buxoro viloyat hududiy gaz ta’minoti bo‘limining 2018 yildagi 207-sonli xatiga ko‘ra, aholi tomonidan loyiha asosida gaz quvurlari tortilgan. Tumanlararo 6-sonli gaz uchastkasi boshlig‘i Hamza Muqimov tabiiy gazga ulanishga o‘n kunlar chamasi qolganda MIBga borib, oldingi qarzdorliklarni to‘lash lozimligi haqida aytgan. Bu masala ham aholi tomonidan ikki kun ichida bajarilgan.

«Yonimizdagi quvurdan gaz o‘tsa-yu, biz tezakda o‘tirsak...»

Gaz ta’minotidagi uzilish va qayta ulanishlarga to‘siq bo‘layotgan holatlar sababiga oydinlik kiritilishida ko‘mak so‘rab murojaat qilgan fuqaro bilan suhbatlashdik.

—Barcha ishlar amalga oshirilib, qishloqning qolgan 4/1 qismini tabiiy gazga ulashga ikki kun qolganda bekor qilindi. Sababini so‘raganimizda, «Biz xabardor bo‘lmaganmiz, o‘zboshimchalik bilan qilingan», degan vajlarni ko‘rsata boshlashdi. Ishni boshlashimizdan oldin «Buxorogaz» rahbari O‘ktam Abdiyevning o‘zi shaxsan xonadonimizga bir necha bor keldi, aholi bilan uchrashdi. Shuncha xalqning oldida quvurlar nosozligi va yaroqsizligini hashar yo‘li bilan ta’mirlash va sozlash, shuningdek, eski hisoblagichlarni elektron tejamkor hisoblagichga almashtirish lozimligini aytdi. Undan tashqari, Hamza Muqimov ham «ruxsat oldim, faqat endi gaz liniyasi loyihalarini mutaxassislar bilan birgalikda tayyorlash kerak. Shunga ozgina vaqt ketadi, kutib turinglar», dedi. Bunga ham ko‘ndik. Oradan olti oy vaqt o‘tdi. Ammo natija bo‘lmadi. Shundoq yonginamizdagi quvurdan tabiiy gaz o‘tsa-yu, biz o‘tin va tezakda o‘tirsak, bizning dardimizga kim quloq soladi?»,—deydi savraklik fuqaro Yunus Shukurov.

Bildirilishicha, gaz idorasi mutasaddilari bergan va’dalariga ishonib, hashar yo‘li bilan tabiiy gazga qayta ulanish uchun 130 million so‘mdan ortiq mablag‘ sarflagan aholining bir necha vakili 2019 yilda viloyat hokimi tomonidan Kogon va Peshku tumanida o‘tkazilgan sayyor qabullarga shikoyat bilan borgan. O‘ktam Abdiyev esa har ikki holatda ham aholi vakillari oldida o‘zi chiqib, ularni tinchlantirish maqsadida «tez orada muammolari hal etilishi» va’dasini bergan.

—Qo‘ynimizni puch yong‘oqqa to‘ldirib qaytardi. Qabuliga borganimizda esa «Ishdan ketsam ketamanu, lekin senlarga gaz bermayman, qayerga murojaat qilsang qilaverlaring» deya po‘pisa qildi. Savollarimizga «ishlar smetasiz qilingan», degan javob bilan kifoyalanmoqda. Aholidan hashar orqali pul yig‘ilganidan hamma xabardor, metall quvurlar o‘lchami, ularning yotqizilishi, qanday tartibda o‘rnatilishiga yo‘l-yo‘riq berishdi-yu, endi hujjatlashtirishga kelganda hech kim ko‘maklashmayapti. Og‘zaki ruxsat va yo‘l-yo‘riq ko‘rsatilgan, lekin «biz faqat ulash qolganda xabar topdik», degan iddaodan nariga o‘tishmayapti,— so‘zida davom etadi YU. Shukurov,— quvurlar ulanishi chog‘ida loyihalash institutidan vakil kelib, loyiha ham chizildi. To‘g‘ri, pul yig‘ilishida mahalla ishiga aralashilmagan, ammo holatdan xabardor va o‘zlari maslahat berib turishgandi.

Mutasaddilar xabardor. Hujjatlar tayyor emas

Fuqarolarning e’tirozlari, norozilik kayfiyati qay darajada o‘rinli va asosli ekaniga aniqlik kiritish hamda fikrlarga xolisona yondashish maqsadida soha mutaxassisiga murojaat qildik. Shofirkon—Vobkent 6-son uchastka boshlig‘i Hamza Muqimov ikki oycha ilgari texnik shartnoma va loyihani loyihalash institutiga topshirgani, lekin negadir ish oqsayotganini bildirdi:

— Haqiqatan to‘g‘ri, bularning gapiga qo‘shilaman. Man shu yerga rahbar bo‘lib kelganimda 2,6 kilometr gaz quvurlari yotqizilgan edi. Pul yig‘ilgani va ishlar bajarilayotgani haqida rahbariyatni o‘z vaqtida xabardor qilgan edim. Biz topshiriq bajaradigan tashkilot. Hali qog‘ozlar tayyor emas. Undan tashqari, texnik shartnoma ham, loyiha ham yo‘q. Aslida aholi nomidan vakillar kelganda, ulardan pul yig‘maslik va gaz quvurlarni tortmaslikni so‘raganman. To‘g‘risi, shu masalada o‘zim ham qiynaldim.

«Buxorogazta’minot» filiali suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘limi boshlig‘i Sirojiddin Avezov esa aholi tomonidan o‘zboshimchalik bilan gaz quvurlari o‘tkazilgach, ulanish masalasi muammoga aylanganini bildirdi.

— Qishning sovuq kunlari kelishi bilan xonadonlarda tabiiy gazga bo‘lgan talabning oshishi natijasida, uning ta’minoti bilan bog‘liq muammolar yuzaga chiqa boshlaydi. Quyi Savrakda esa gaz quvuri o‘tkazish bo‘yicha hech qanday hujjatlar tayyorlanmagan. Texnik shartnoma berilmagan. Kuz-qish mavsumida esa aholini kafolatlangan yoqilg‘i, ya’ni suyultirilgan gaz bilan bilan ta’minlash belgilangan. Viloyatning 50 foizi aholisi tabiiy gazdan foydalanayotgan bo‘lsa, 50 foizi suyultirilgan gaz bilan ta’minlangan.

Hududiy gaz idoralari o‘z ixtiyori bilan birorta hududni tabiiy gazga ulab ham berolmaydi, uzib ham qo‘ya olmaydi. Xo‘sh, biz qaysi hujjat bilan bu hududni tabiiy gazga ulab berishimiz mumkin? Agar ularni ulab bersak, o‘z-o‘zidan boshqa hududlar ham tabiiy gaz tarmog‘iga ulab berish talabi bilan chiqa boshlashadi. Haqiqiy bosim va ta’minlash imkoniyati, soatlik sarfi hisoblangan holda imkoniyati bo‘lsa ruxsat beriladi, bo‘lmasa yo‘q, —dedi S. Avezov.

Ana bo‘lmasam: «Tabiiy gaz turli kasalliklar rivojlanishiga olib keladi»

Hudud deputati va senator, O‘zbekiston Qahramoni Azim Latipov, shuningdek, O‘zLiDEP tuman kengashi vakillari ham aholi murojaati bo‘yicha viloyat gaz idorasi rahbari bilan bir necha marotaba uchrashishgan. «Viloyatda juda ko‘p hudud tabiiy gaz tarmog‘idan uzilgan. Agar biz aholi qo‘yayotgan talabga ko‘ra, ushbu hududda tabiiy gazni yoqib bersak, boshqa hududlar ham ulanish bo‘yicha talab qo‘ya boshlashadi», degan bir xil javob olingan. Yuqori turuvchi davlat tashkilotlariga bir necha marta xat chiqarilishi va holatlar o‘rganilishiga qaramay, muammo hal etilmagan.

— Savrakliklar bilan yuz marta gaplashganman. Ular o‘sha gazni ulab berishni xohlashadi, men esa ulolmayman. Hech kim ularga pul ham yig‘ demagan, gaz quvuri tort ham demagan. Ular ruxsatsiz va o‘zboshimchalik bilan aholidan pul yig‘ib, gaz quvuri tortishgan. O‘zboshimchalik bilan pul yig‘ib, qilgan ishini «Buxorogazta’minot» bo‘yniga yuklamoqchi. «Man ishdan ketsam ham bu ishni qilmayman», deb aytganim rost. Agar hozir biz Quyi Savrak hududini tabiiy gaz ta’minoti bilan ta’minlaydigan bo‘lsak, keyin boshqa hududlar ham shuni muammo cifatida ko‘taradi, asta-sekin suyultirilgan gaz balloni yetkazilayotgan qishloqlar ham shu talab bilan kela boshlashadi. Ayni kunlarda tabiiy gazni ishlab chiqarishga yo‘naltirilib, elektr energiyadan ko‘proq foydalanish konsepsiyasi amalga oshirilmoqda. Chunki elektr energiyasi xavfsiz. Tabiiy gaz zaharli hisoblanib, u yillar davomida odam tanasida turli o‘simta kasalliklarining rivojlanishiga olib keladi,—deya holatga izoh berdi «Buxorogazta’minot» rahbari O‘ktam Abdiyev.

Har ikki gapning birida: «Agar ushbu hududni ulab bersak, o‘z-o‘zidan boshqa hududlar ham shu talab bilan chiqa boshlaydi» degan javob bilan kifoyalanayotgan mutasaddilar boshqa hududlarda mutasaddilar xabardorligi va ko‘z o‘ngida aholi tomonidan hashar yo‘li orqali katta miqdorda mablag‘ yig‘ilib, mutaxassislarning og‘zaki ko‘rsatmasi va yo‘l-yo‘rig‘i bilan gaz quvurlari yangidan tortilib, ulanishga shay qilinmaganini tan olishni istamaydi.

Moli borlar tezak yoqadi, qolganlar-chi?!

Savrakliklar bilan suhba davomida aholining qishni rezina kalish, turli chiqindilar va tezak yoqib o‘tkazishiga oydinlik kiritildi. Bildirilishicha, qishloqda odamlar tomorqalarida mevali-mevasiz daraxtlar tugab bormoqda. Hatto ilojsizlikdan hudud yaqinidagi «Gavorapo‘shon» qabristoni atrofidagi daraxtlarni ham kesib, o‘g‘irlab ketishgan.

— O‘tgan yil qishda o‘tinimiz tugab qoldi. Mol-holi borlar tezak qilib yoqishadi. Erim vafot etgan. Men ikki bolamni otasiz o‘stiryapman. Ro‘zg‘orni zo‘rg‘a tortaman. Molim yo‘q. Xo‘sh, qayerdan tezak yoqaman? Mana, shuncha kishining oldida tan olib aytaman. O‘tgan yil qishda qo‘shnilarning ikkita gujum daraxtini ayol boshim bilan kesib kelishga va uyimni isitishga majbur bo‘ldim. Bolalarimiz ko‘rpaga o‘ralib olib, dars qilishadi. Nogiron va keksalar sandalda o‘tirishadi. Hokim ham, muovinlar ham biladi, ko‘rib turishibdi, lekin e’tibor ham, ko‘mak ham yo‘q,—dedi Quyi savraklik Mehriniso Boltayeva. — Tasavvur qiling, bittagina ariqdan hatlab o‘tgudek tomonda yashayotgan aholi gazdan bemalol foydalanib, issiq uyda istiqomat qilishmoqda, bu tomondagi uylar esa bir amallab, bir xonani tezakda zo‘rg‘a isitib, hamma shu xonaga qamalib o‘tiribdi. Shu ham yashashmi?

Maktabga o‘quvchilar o‘tin bilan keladi. Bog‘chada o‘choqda ovqat pishadi

Hududdagi 12-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchilari qish-qirovli kunlarda sinfxonalarda o‘rnatilgan qo‘lbola pech va qozonxonaga o‘t qalash uchun o‘tin, tarasha keltirishar ekan.

Etkazilayotgan ko‘mirlar sifatsiz, kesak va qumdangina iborat. Oqibatda sinf xonalari yaxshi isimasligi sababli o‘quvchilar darslarni qalin kiyimlarda o‘tkazishadi. Maktab direktori o‘rinbosari Nilufar Bafoyeva deraza oynalari olinib, pechkalar o‘rnatilsa-da, issiqlik yetkazish kuchlanishi yo‘qligi, sirkulyasion aylanishning yaxshi emasligi, qishda o‘quvchilarning sovqotishi haqida to‘xtaldi.

Manbaga ko‘ra, 2018—2019-o‘quv yilida qishloqdagi maktabni ta’mirlash uchun 120 million so‘m, maktabgacha ta’lim muassasasi ta’miriga esa 220 million mablag‘ ajratilgan.

Hududdagi 7-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi hamshirasi Feruza Kenjayeva ham achinarli ahvoldan so‘zladi.

— Joriy yilda homiylar tomonidan maktabgacha ta’lim muassasamiz imkoniyatlari yaxshilandi. Aholining ko‘magi bilan tabiiy gaz quvurlari o‘rnatildi. Ammo natija yo‘q. Muassasa 8 ta guruhdan iborat. Qishda xonalarni isitish uchun karnayli pechlardan foydalanamiz. Baribir foydasiz, xonalar isimaydi. Texnik qoidalarga qanchalik rioya qilsak-da, karnay ulanish joylaridan tutun chiqib, bolalar ko‘zini achishtirib tashlaydi. Yozda o‘choqda ovqat pishirishimizga to‘g‘ri keladi. Sharoit qiyin,—dedi u.

Shu kuni Shofirkon tuman hokimi o‘rinbosari hudud aholisi hamda viloyat va tuman gaz idoralari vakillari bilan uchrashdi. Bunda «Buxorogaz» filiali, Shofirkon-Vobkent 6-son uchastkasi, IIB inspektori hamda tuman hokimligi mutasaddilari Quyi Savrak qishlog‘i aholisi tomonidan hashar yo‘li orqali tabiiy gazga ulanish bo‘yicha ishlar bajarilganidan xabardor ekanligiga oydinlik kiritildi.

—Haqiqatan ham Savrak qishlog‘i aholisi tabiiy gazga ulanish bo‘yicha murojaat qilishgandi. Keyin viloyat gaz idorasiga aholi bir necha marta borgach, tashkilot rahbarining o‘zi qishloqqa keldi. Mutasaddilar tomonidan: «Sizlar ishni boshlayveringlar, ko‘maklashamiz, xohlagan joyingizdan torting, ulab beramiz» degan og‘zaki va’dalar berildi. Shundan so‘ng mahalla ahli, IIB inspektori yig‘ilgach, aholi roziligi bilan ishga kirishilgandi. Barcha texnik va ulanish ishlari tugatib bo‘lingach, qishloqning 4/1 qismini tabiiy gazga ulashga ikki kun qolganda, tarmoqqa ulanish bekor qilingan,—deydi Shofirkon tumanlararo GT uchastkasi vakili Izzat Salomov.

Muammo bartaraf etiladimi?

Eng qizig‘i, aholining tuman hokimi o‘rinbosari va boshqa mutasaddilar bilan yuzma-yuz muloqoti davomida qishloqning bir nechta xonadoni haligacha suyultirilgan gaz bilan ta’minlanmagani va ular ushbu masalada ham sarson bo‘lishayotganiga aniqlik kiritildi.

Aholi qish-qirovli kunlarda «burjuyka» pechkalaridan foydalanadi. Qishloq bolalari shamollab qolyapti, uylar o‘tin va tezakda isitilib, o‘tinda ovqat pishirilyapti.

Shunday ahvolda qishni o‘tkazadigan quyi savrakliklar: «Yoshlarimiz Rossiyada, pul ishlagani ketishgan. Ko‘rinishidan endi qishloqda erkak zoti qolmaydiganga o‘xshaydi, hamma tirikchilik deb ketadi, boshqa yo‘li yo‘q»,—deyishdi.

Shofirkon tuman hokimi o‘rinbosari Fazliddin Mirzayev tabiiy gazga ulanish ortida xalqni tashvishlantirayotgan katta muammo yotganini, tez orada uning ijobiy yechimi bo‘yicha chora belgilanishini ma’lum qildi.

Kiritildi: 09:53 26.09.2019. O'qildi: 2280 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!