Buxoro viloyati, Qorako‘l tumanida o‘tgan yili 14 yoshli voyaga yetmagan qiz — A.X.ga nisbatan avvaliga jinsiy zo‘ravonlik qilib, keyinchalik uni qo‘rqitib, ishqiy munosabatni davom ettirishga majburlab kelgan 31 yoshli A.S.ga uch yilga qamoq jazosi tayinlandi. Bu haqda «Xabar.uz» xabar berdi.
Holatga ko‘ra, 2020 yilning avgust oyida Qorako‘l tumanidagi «Bandboshi» MFY fuqarosi A.S. tumandagi boshqa mahalla yig‘inida yashovchi SH.R. bilan tanishib qolgan. Har ikkisi cho‘ponchilik bilan shug‘ullangan. SH.R. yangi tanishi bo‘lgan A.S. bilan birodarlashib, uni tez-tez xonadoniga olib keladigan bo‘lgan.
A.S. fuqaro SH.R.ning turmush o‘rtog‘i, uch nafar qizi va bir o‘g‘li bilan yaqindan tanishgan. O‘tgan yilning 20 oktyabrida ular birgalikda Qorako‘l cho‘l hududidagi «Chibirdon ota» ziyoratgohiga borishgan. SH.R.ning katta qizi — tumandagi maktabning 7-sinfi o‘quvchisi, 14 yoshli A.SH.ning qo‘l telefoni raqamini olgan A.S. hali voyaga yetmagan qizga ishqiy izhorlarini SMS orqali yo‘llab turgan. Voyaga yetmagan qizga turmush o‘rtog‘i bilan ajrashganini va unga uylanishini bildirgan. Qiz o‘zidan 17 yosh katta erkakning yozishmalaridan qo‘rqib, undan bunday SMSlar yozmaslikni, ota-onasi bilib qolsa, qattiq jazolashi mumkinligini aytgan. Shunga qaramay, A.S. kunora yangi tanishini ko‘rish bahonasida ularning xonadoniga kelib ketavergan.
2020 yil 14 noyabr kuni soat taxminan 10:00 larda A.SH. maktabdan qaytgan va bu paytda hovlida hech kim bo‘lmagan. Erkak esa qizning qarshilishiga qaramay, uning qo‘lidan tortib, avtomashinasining orqa o‘rindig‘iga majburlab o‘tirg‘izgan va mashina eshiklarini qulflab, zudlik bilan haydab ketgan. Qorako‘l tumanida joylashgan Eshonqul-Niyoz fermer xo‘jaligi dala shiyponiga olib borib, zo‘rlik va kuch ishlatish yo‘li bilan qizni avtomashinadan tushirgan. Shiypon qorovulxonasiga voyaga yetmagan qizni majburlab olib kirgan cho‘pon uning qarshiligiga qaramay, jinsiy zo‘ravonlik qilgan va nomusini toptagan.
Shundan so‘ng cho‘pon A.S. 14 yoshli qizga bu holatni hech kimga aytmasligini, 11-sinfni tugatganidan so‘ng unga uylanishini, bu ishdan ota-onasi xabar topsa, har ikkisini ham o‘ldirishi mumkinligini aytib qo‘rqitgan. Voyaga yetmagan qizni tez-tez uchrashuvga taklif qilgan va qiz rad etganda, holatdan ota-onasi hamda boshqalar ham xabar topishini aytib, po‘pisa qilgan. Gap-so‘z tarqalishidan qo‘rqqan A.SH. u bilan uchrashuvlarga chiqib turgan. Voya yetmagan qizning aqlu hushini turli va’dalar bilan to‘ldirgan cho‘pon keyinchalik ixtiyoriy rozi bo‘lgan qiz bilan «Qandim» zavodi tomondagi cho‘l hududidagi kimsasiz cho‘lda, avtomashinasi ichida ishqiy munosabatda bo‘lib kelishgan.
Doimiy ravishdagi jinsiy yaqinlik voyaga yetmagan qizni ham ruhan, ham jismonan holdan toydira boshlagan. Qiz cho‘ponning o‘rtamizdagi munosabatni kimdir eshitsa, o‘ldirishadi va agar uchrashuvga chiqmasang, tanish-bilishlarga aytaman, degan qo‘rqituvlaridan hafsalasiz bo‘lib qolgan. Va qiz oxiri, 2021 yil 21 yanvar kuni holatni onasi M.R.ga aytib bergan. 22 yanvar kuni fuqaro M. R. tuman IIBga holat yuzasidan ariza bilan murojaat qilib, A.S.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini so‘ragan.
Ariza yuzasidan olib borilgan, tezkor tergov-surishtiruv ishlari davomida esa A.S. barcha aybni voyaga yetmagan qizga ag‘darib, turli ishqiy maktublar yozgani, uni tinch qo‘ymaganini, shundan so‘ng u bilan uchrasha boshlaganini bildirgan. Og‘riqlisi, voyaga yetmagan 14 yoshli qizni nomussizlikda, ya’ni birinchi jinsiy aloqada hayo pardasi o‘zida emaslikda ayblagan va qiz tomonidan yozilgan ishqiy maktublarni ko‘rsatgan.
Tergov-surishtiruv jarayonlarida esa voqea tafsilotlari to‘liq o‘rganilgan. Unga ko‘ra, o‘z kirdikorlari fosh etilishidan cho‘chigan cho‘pon bir necha bor uchrashuvlari paytida qizning voyaga yetmagani va g‘o‘rligidan foydalanib, o‘z nomiga turli ishqiy mazmundagi xatlarni qizning qo‘li bilan yozdirib olgani oshkor bo‘lgan.
Sud davlat ayblovchisining xulosasini, jabrlanuvchi — voyaga yetmagan A.SH. va A.S.ning xufyona ishqiy uchrashuvlari borasidagi ish hujjatlarini o‘rganib chiqilgan va A.S.ning jinoyati isbotlagan. Jinoyat ishida to‘plangan boshqa dalillar orqali A.S.ning jinoiy xatti-harakatlari fosh etilgan. Uning «Men qiz bilan takroran jinsiy aloqada bo‘lmaganman, uni majburlamaganman» degan vajlarini asossiz, deb hisoblagan. Va u o‘z aybini tan olishga majbur bo‘lgan.
— Sudlanuvchining qilmishlari oilaviy munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishini va boshqa ijtimoiy muammolar keltirib chiqarishini nazarda tutib, uni jamiyatdan ajratmagan holda qayta tarbiyalash mumkin emas, degan qat’iy fikrga kelindi. Joriy yilning 30 may kunidagi sud hukmiga ko‘ra, A.S.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 128-moddasi 2-qismining «a» bandi sanksiyasi doirasida ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi, — dedi Jalol Sadirov.
Ushbu bandga ko‘ra, A.S. jazoni uch yil muddatga manzilli koloniyalarda o‘taydi.