Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi tezkor tuzilmalari tomonidan «Olot» chegara bojxona postida o‘tkazilgan tezkor tadbirda respublikamizdan chiqib ketayotgan 2 ta yuk avtotransport vositasi to‘xtatilib, belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi.
Hujjatlarga ishonilsa, mazkur transport vositalariga 71 tonna 187 kg.dan ziyod “texnik kaliy karbonat” mineral o‘g‘itlari ortilgan bo‘lishi kerak edi.
Markaziy bojxona laboratoriyasi tahlillari asosida o‘tkazilgan ekspertiza natijalariga ko‘ra, ushbu tovarlar qoplarga yozilganidek “texnik kaliy karbonat” emas, aksincha butunlay boshqa kimyoviy mahsulot – “kaliy xlorid” mineral o‘g‘iti ekanligi aniqlandi.
Mazkur holatda vaqtincha saqlovga olingan mineral o‘g‘itlarning umumiy qiymati 355 mln. so‘mdan oshmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kaliy xlorid yonish va portlash xavfi yuqori bo‘lgan kimyoviy moddalar ro‘yxatiga kiradi.
Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Kimyo sanoati tashkilotlarining eksport-import faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan kimyoviy mahsulotlar eksporti faqatgina «O‘zkimyoimpeks» MCHJ orqali amalga oshiriladi.