Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida jarlikka tushib ketgan ikki yoshli bola FVV xodimlari tomonidan qutqarildi.
Qayd etilishicha, 10 aprel kuni soat 22:23 da Toshkent viloyati FVBga Bo‘stonliq tumani «Yakkatut» MFY hududida ikki yoshli bola yo‘qolib qolgani va u o‘sha hududdagi jarlikka tushib ketgan bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida xabar berilgan.
Xabarga asosan, aytilgan manzilga zudlik bilan Bo‘stonliq tumanining bir guruh qutqaruvchilari yetib borgan.
Olib borilgan qidiruv-qutqaruv ishlari natijasida bola o‘sha hudud yaqinidagi jarlikning taxminan 25 metr bo‘lgan chuqurligidan topilgan va yuqoriga olib chiqilib, sog‘-salomat ota-onasiga topshirilgan. «Hozirda bolaning ahvoli yaxshi», — deyiladi xabarda.