Bugun 26 noyabr, 2026 yil, payshanba

КИР

Buloqboshilik dehqonlarning dardini kim eshitadi?

A A A
Buloqboshilik dehqonlarning dardini kim eshitadi?

Ayni paytda buloqboshilik dehqonlarning boshi qotgan. Sababi, kech kuzda “yig‘im-terimdan yaxshi daromad olamiz” deya ne-ne umidlar bilan yerga urug‘ ekkan dehqonlar foyda tugul, ekin parvarishi uchun sarflagan mablag‘iga kuyib qolyapti. O‘tgan yili ichki bozorlarda boshqa sabzavotlar qatorida, sarimsoqpiyoz ham ancha xaridorgir bo‘lib turgan bir paytda Buloqboshida nega vaziyat shu darajaga yetdi?

– 8 gektar maydonda dehqonchilik qilamiz. Shundan 4 gektariga to‘qsonbosti usulida sarimsoqpiyoz ekkan edik, – deydi “Qozoqboy Uchtepa” sabzavotchilik fermer xo‘jaligi rahbari Alisher Qozoqov. – Hosil yig‘ishtirib olingan hozirgi paytda ulgurji xaridorlar sarimsoqpiyozning kilogrammini 800-1000 so‘mdan sotib olmoqda. Axir bu – daromad tugul sarflagan harajatni ham qoplamaydiku. Sotmaylik, desak, bu ham ziyon. Chunki ekin ekayotganimizda 10 million so‘m atrofida harajat qilganmiz. Hosilni yig‘ishtirib olgunga qadar esa 30 million so‘mdan ziyod mablag‘ sarfladik. Bu faqat xarajatlarning o‘zi xolos. Bundan tashqari, uning mehnati-chi?! Sug‘orish mayliku-ya, ammo begona o‘tdan tozalash azob. To‘g‘risi, sarimsoqpiyoz ekishdan ko‘nglimiz sovib ketdi. Birgina meni emas, boshqa fermerlarning ham hafsalasi pir bo‘ldi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Xo‘sh, bugun u tashkilotdan, bu tashkilotga mahsulotini sotish uchun ko‘mak so‘rab yurgan fermerlarning muammosiga nega hamma befarq? Yoki tuman mutasaddilari va eksport bo‘yicha mas’ul bo‘lgan “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi hamda “O‘zagroeksport” aksiyadorlik jamiyati bundan bexabarmi? Qolaversa, Prezidentimizning tegishli qarori bilan ushbu masalada bir qator tashkilotlarga fermer va dehqonlarga bu masalada yordam ko‘rsatish borasida aniq vazifa yuklatilgan edi. Qani ular? Nimaga fermer va dehqonlarni o‘z muammosi bilan yakkama-yakka tashlab qo‘yishdi? Davlatimiz rahbari tomonidan tomorqaning har qarichidan unumli foydalanish, mahsulot yetishtirishdan tortib, uni saqlash, eksport qilish bo‘yicha qulay tizim yaratish, dehqonlarga har tomonlama ko‘mak berish bo‘yicha mutasaddilar oldiga qo‘ygan talab Buloqboshi tumaniga taalluqli emasmi? Xullas, savollar juda ko‘p. Ammo unga aniq javob olish mushkul. 

Darvoqe, bugun bu muammo faqat Alisher akani qiynayotgani yo‘q. Aksincha hududdagi Uchtepa, Tinchlik va Zarg‘aldoq mahallalarida yashovchi 10 ming tonnagacha sarimsoqpiyoz yetishtirib qo‘ygan dehqonlarni ham qiynayapti. Lekin hali-hamon negadir mutasaddilar jim. Vaholanki bugun tuman aholisining ko‘pchiligi dehqonchilik ortidan kun kechiradi, ro‘zg‘or tebratadi, bolasini o‘qitadi.

–Aholimiz asosan dehqonchilik bilan tirikchilik qiladi, – deydi “Tinchlik” MFY raisi Abdumo‘min Ismatov. – Yetishtirgan hosil sotilsa fuqarolarimizning oilaviy daromadi ko‘payib, turmush sharoiti yanada yaxshilanadi. Biz ushbu holatga aniqlik kiritish maqsadida bir necha marotaba tuman hokimligiga murojaat qildik, hatto bunga mas’ullar bilan suhbatlashdik. Lekin hozirga qadar natijadan darak yo‘q. 

Bugun Prezidentimiz har chiqishlarida “Davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan fikrni bot-bot takrorlayapti. Bu ham bejiz emas, albatta. Chunki davlat rahbari bu bilan anchadan buyon uxlab yotgan rahbarlar uyg‘onsin, odamlarning katta-kichik muammolarni hal etsin deya ta’kidlayapti. Lekin ming afsuski, buloqboshilik fermerlarning arzi, murojaatiga hech kim quloq tutayotgani yo‘q.

Ushbu muammoli masalalarga tegishli mutasaddi tashkilotlar xususan, “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi hamda “O‘zagroeksport” aksiyadorlik jamiyatlaridan javob kutamiz!

Aniqrog‘i sizga ishonib bugun shu ahvolga tushgan dehqonlar javob kutib qoladi.

Bu kabi muammolar respublikamizning boshqa hududlarida ham mavjud. Bu haqda sizlarni xabardor qilib boramiz.

Manba: sof.uz

Kiritildi: 14:49 08.08.2018. O'qildi: 1672 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik