Bugun Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyida soat 18:30da haqiqiy kino ixlosmandlari, mutaxassislari tomonidan orziqib kutilayotgan “Islomxo‘ja” filmining premyerasi bo‘lib o‘tadi. San’atshunos Hasan Toshxo‘jayevning fikricha, rejissyor Jahongir Ahmedov tomonidan suratga olingan mazkur kino kartina o‘zbek milliy kinematografiya sohasida o‘ziga xos inqilob yasaydi. Uning aytishicha, “Islomxo‘ja” filmi shu paytgacha kino san’atida (sanoatida emas!) asrlar osha muhim sanalgan eskicha yondashuvlar, “Film mana shunday bo‘lishi kerak, tamom-vassalom!” singari qat’iy cheklashlarni, inson taxayyulining cheksiz parvoziga qo‘yilgan temir zanjirlarni parchalab tashlagan.
Bu qarashlar qay darajada haqiqatga yaqin yoki yiroqligini esa bevosita ana shu filmni tomosha qilib, ishonch hosil qilish mumkin.
Keling, ko‘ring, fikringizni ayting.
Ma’lumot uchun, “Islomxo‘ja” – ushbu yangi badiiy-publisistik film XX asr boshlarida nafaqat Xorazm muzofoti balki, butun Markaziy Osiyo hududi, hatto Chor Rossiyasining amaldorlari orasida yuksak nufuzga ega bo‘lgan Xiva xonligi Bosh vaziri Islomxo‘janing hayoti va mehnat faoliyati haqida hikoya qiladi. O‘z davrining taraqqiyparvar, xalqparvar davlat va jamoat arboblaridan biri bo‘lgan Islomxo‘ja 17 yoshidan xonlikning savdo va sanoat markazlaridan biri hisoblanmish Xazorasp bekligiga xokimlik qilgan, 26 yoshida Xiva xonligining Bosh vaziri etib tayinlangan. Valiahd Asfandiyor to‘raning hukmronligi davrida Islomxo‘ja xonlikning barcha muhim va ma’suliyatli vazifalarini o‘z zimmasiga olib, ko‘plab inshootlar qurdirgan. Qator sohalarda islohotlar olib borgan. Biroq, xonlikning eng yuqori amaldori, buyuk islohotchi Islomxo‘ja sirli ravishda o‘ldirilib, hatto qotillikni fosh etish uchun boshlangan tergov harakatlari bosdi-bosdi qilingan.