Bugun, 9 avgust kuni OTMlarga kirish uchun o‘tkazilgan test sinovlarining 1-smenasi yakuni to‘g‘risida ma’lumot berildi.
1-smenada 13 ta oliy ta’lim muassasalarining 39 ta ta’lim yo‘nalishida test sinovlari bir vaqtda soat 8:00 dan boshlanib, 11:30 ga qadar to‘liq yakunlangan.
Test sinovlarida 29 ming 322 nafar abituriyent ishtirok etgan. Tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, imtihonlarda 750 nafar abituriyent turli sabablarga ko‘ra test sinovlariga kelmagan.
Test sinovlari tartib qoidalarini buzganligi sababli 78 nafar abituriyent, shundan 43 nafari hududga kirish joyida uyali telefon, shpargalkalar olib kirishga va o‘zgalar o‘rniga kirishga, 35 nafari bino ichida shpargalkadan foydalanishga, boshqa abituriyentga yordam berishga uringanligi uchun test sinovlaridan chetlashtirilgan.
Test sinovlarini o‘tkazishga ta’lim muassasalaridan test sinovlari o‘tkazish tartib-qoidalari va texnologiyasi bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan 2 379 nafar guruh nazoratchilari jalb etilgan.
Test natijalari Feld’egerlik xizmati tomonidan maxfiyligi va daxlsizligini ta’minlagan holda Davlat test markaziga 2-cmena yakunlangandan so‘ng, soat 18:30 dan qaytariladi.
Toshkent shahrida test materiallari soat 12:00 dan boshlab Davlat test markaziga qaytariladi.
Etib kelgan test natijalari bo‘yicha darhol kompyuter yordamida qayta ishlash jarayoni boshlanadi. DTM xodimlari tashqariga chiqmasdan, telefon va boshqa aloqa vositalaridan foydalanmagan hamda test materiallarining maxfiyligini ta’minlagan holda test materiallarini qayta ishlaydi.
Test sinovlari belgilangan reja asosida o‘tkazilgan va o‘tkazish jarayonida hech qanday ko‘ngilsiz hodisalar ro‘y bermagan.
Manba: qalampir.uz