"Yangilikni eshitdingmi?", "Senat to‘ylarni ixchamlashtirish bo‘yicha qarorni noo‘rin debdi", "Senat hamma o‘z imkoniga ko‘ra to‘y qilsin debdi".
Bugun shunga o‘xshash fikrlar ijtimoiy tarmoqlarda asosiy kun mavzusiga aylangan. Go‘yoki Senat qarorni qat’iy chora ko‘rish kerak, degan xulosa asosida chiqarishi kerak emish. Qadrli yurtdoshim! Siz go‘yoki yoshligida tarbiya bermagan bolasi ulg‘aygach, unga ko‘p narsalarni taqiqlab, so‘ng uni birdaniga tarbiyali bola bo‘lib qolishini, salbiy odatlaridan darrov voz kechishini istayotgan ota-onadek fikr qilmoqdasiz. Yo‘q, unday emas!
Xalqning necha yillar davomida qon-qoniga singib ketgan bu salbiy urf-odatlarini tez yo‘qotolmaysiz. Bu "kasallik"ni bosiqichma-bosqich davolash kerak bo‘ladi.
Quyida shu haqda fikr yuritamiz.
Ayni paytda to‘y “orzu-havas” maqomida. Uni “isrofgarchilik”, “halokat” nomiga tezda aylantirib bo‘lmaydi
Xalqimiz azaldan mehmondo‘st, qo‘li ochiq bo‘lgan. Tanti, soddadil bo‘lgan bu xalqqa oxirgi vaqtlarda to‘y-ma’raka boshga bitgan balo bo‘ldi. Sobiq Sovet tizimida sof dinidan uzoqlashgan o‘zbek xalqi mana necha yildirki bu darddan hamon azob chekib kelmoqda. Mustaqil bo‘lganimizga, diniy qadriyatlarimiz tiklanganiga salkam o‘ttiz yil bo‘lyaptiyu, vaziyat og‘irlashsa og‘irlashyaptiki, aslo yengillashmayotir. Chunki bu "orzu-havas" xalqimiz qoniga shunchalar singib ketganki, bu “dard”ga biror kimsa davo topolmayapti. Siz dabdabalarni majburlash oraqali to‘xtatib bo‘ladi, deb o‘ylaysizmi? Albatta, yo‘q!
Chunki u odamlarga odat bo‘lib ulgurgan. Bir-ikki nasihat bilan odamlar fikri o‘zgarib qolmaydi. Bu muammolar halqimizning sof Islom diniga rioya qilishi bilan bartaraf bo‘ladi. Odamlarga nikoh haqida sof islomiy tushuncha berishimiz, to‘y Pag‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan sunnat ekanini, kichikkina ziyofat bilan nikohni e’lon qilib qo‘yishning o‘zi kifoya qilishini anglay oldirishimiz kerak. Aslida u ulkan falokat ekanini, ayniqsa, ayollarga ortiqcha dabadababozlik katta isrofgarchilik ekanligini, bularning bariga kun kelib Alloh oldida hisob berishimizga to‘g‘ri kelishini yetkazishimiz darkor. Agarda odamlarning diniy tushunchasi, dunyoqarashini oshira olsak, vaziyat o‘z-o‘zidan ijobiy tomon o‘zgara boshlaydi.
Faqat shu mavzuga bog‘lanib qolmaylik. Muammolar yetarli.
Senat masalani xalqning o‘ziga havola qildi. Endi mas’uliyatimiz oshdi, endi majburan emas, ixtiyoriy, o‘zaro kelishgan holda, olomon emas, chinakam xalq bo‘lib bu masalani hal qilish fursati yetdi!
Etar endi barcha narsaning cho‘zilgani!..
O‘zi shundoq ham muammolarimiz yetarli. Qanaqa muammo deysizmi? Sanab sanog‘iga yetolmaydigan muammolar.
Ijtimoiy tarmoqlarda xalqimizning chinakam ongi, fikrlash darajasi qandayligi ko‘rinib qolyapti. Kim qayoqqa bursa ketaverish, o‘zining shaxsiy fikri yo‘qligi, bo‘lsa ham faqat tanqidiy fikrlarga egaligi... Hatto aksari bir muammoni yechimini axtarish o‘rniga uni kavlashtirib vaziyatni faqat chigallashtirishga aqli yetyapti, xolos. Davlat tomonidan kitobxonlikka targ‘ib kuchaytirilmoqda. Bu bejizga emas. Chunki xalqning ongi oshsa, ma’naviyati yuksalsa, to‘y-hashamlarga o‘xshash mayda muammolar kelib chiqmaydi.
Bugun to‘y muammosidan tashqari kunora o‘z ota-onasini yoqib yuborgan farzand, erini pichoqlab qo‘ygan ayol, do‘stini kaltaklab o‘ldirgan kollej (maktab) o‘quvchilari haqida chiqayotgan xabarlarni o‘qib qanday xulosaga kelish kerak?
Boshqa muammolarning sanog‘i yo‘q hali...
Xulosa
Yuqorida muammoni bartaraf etish yo‘llarini izlab ko‘rdik. Sizning shaxsiy fikringiz qanday bilmadim, lekin ilm-ma’rifat haqidagi fikrlarga ikkilanmay qo‘shilsangiz kerak. Muammoni bartaraf etish uchun xalqimiz ko‘p kitob o‘qimog‘i, ilm-ma’rifatini oshirmog‘i, olomon emas, haqiqiy xalq bo‘lishi judayam zarur. Qolaversa, xalqimizning diniy savodxonligini ham yuksaltirish muhim ahamiyatga ega. Aks holda yuz yil o‘tsin baribir shu kabi mayda muammolarga o‘ralashib yuravergan, yetmaganiga G‘arb mamlakatlariga taqlidda bardavom bo‘lgan ko‘yimizcha qolamiz. Yuksalish bo‘lmay battar qoloqlashsak ne ajab...
Aytib qo‘yay, u holda bizdan Buxoriylar chiqmaydi...
Umar ADHAM
Manba: azon.uz