Bugun 18 may, 2024 yil, shanba

КИР

Bosh konsullik tomonidan jurnalist va blogerlar bilan uchrashuv tashkil etildi

A A A
Bosh konsullik tomonidan jurnalist va blogerlar bilan uchrashuv tashkil etildi

Mamlakatimizning Qozon shahridagi Bosh konsulligi Tataristondagi yetakchi ommaviy axborot vositalari rahbarlari va jurnalistlari hamda turizm yo‘nalishida faoliyat olib boradigan blogerlar bilan uchrashuv uyushtirdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur tadbirda “TatarInform” axborot agentligi, “Kazanskiye vedomosti” gazetasi, Rossiya Davlat teleradiokompaniyasining Tatariston Respublikasidagi bo‘limi, “Noviy vek” teleradiokompaniyasi, “Respublika Tatarstan” gazetasi, “Vatanim Tatarstan” gazetasi, “Shehri Kazan” gazetasi, “Intertat” gazetasi ijodiy xodimlari va blogerlar ishtirok etishdi.

Bosh konsulxona tomonidan mamlakatmizning boy sayyohlik salohiyati, O‘zbekiston hududlarining Tatariston Respublikasi bilan iqtisodiy hamkorligi, muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazishga doir muhim ma’lumot va taqdimotlar uchrashuv ishtirokchilarining e’tiboriga havola qilindi.

Shu o‘rinda O‘zbekiston sayyohlik salohiyati, jumladan “Samarqand – Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi” brendini keng targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratildi.

Taqdimot davomida yig‘ilganlar e’tiboriga oxirgi yillar davomida mamlakatimizga sayyohlar oqimining tobora ko‘payib borayogani, O‘zbekistonning iqlim sharoitlaridan kelib chiqib to‘rt faslni qamrab oladigan turizm yo‘nalishlari, yangi qurilayotgan mehmonxona va boshqa infratuzilmalar, 91 mamlakat uchun vizasiz rejim o‘rnatilgani, 53 mamlakatdan tranzit yo‘lovchilar uchun vizasiz kirish tartibi joriy etilgani, shuningdek, xalqimiz milliy qadriyatlari, madaniyati va urf-odatlarini inobatga olgan holda ziyorat turizmi yo‘nalishida e’tiborga molik ishlar olib borilayotganiga oid ma’lumotlar tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federasiyasi o‘rtasidagi hududlararo munosabatlarda Tatariston Respublikasi namuna bo‘layotgani, ya’ni Tatariston O‘zbekiston hududlarining muhim hamkori ekanligi, iqtisodiy ko‘rsatkichlar va tovar ayirboshlash hajmi tobora o‘sib borayotgani alohida qayd etildi.

O‘z navbatida, Toshkent Xalqaro investisiyaviy forumi va mamlakatimizda yaqinda bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumida akreditasiyadan o‘tgan jurnalist sifatida ishtirok etgan “TatarInform” axborot agentligi bosh muhariri R.Bilalov mazkur xizmat safari davomida bo‘lib o‘tgan tadbir va uchrashuvlar, Samarqand va Toshkent shaharlarida tanib bo‘lmas ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bergani haqidagi fikrlarini o‘rtoqlashdi. U, shuningdek, O‘zbekiston hukumati aholi farovonligini yuksaltirish yo‘lida olib borayotgan e’tiborga molik ishlar, mamlakatimiz xalqining mehmondo‘stligi to‘g‘risida ham alohida to‘xtaldi.

“Noviy vek” teleradiokompaniyasi bosh direktori, Tatariston Respublikasi Jurnalistlar uyushmasi raisi I.Aminov o‘z chiqishida O‘zbekiston bilan yaqindan tanish ekanligi, respublikamizda jurnalistlarning kasbiy faoliyatini amalga oshirish uchun erkin, qulay, yuqori texnologiyalarga asoslangan sharoitlar yaratilganligini alohida ta’kidladi.

Tadbir intihosida mahalliy jurnalist va blogerlar bugungi O‘zbekiston tobora yangilanayotgani hamda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar amaliy natijalarini berayotganiga doir xabar-maqolalarni o‘zlari faoliyat ko‘rsatadigan ommaviy axborot vositalari sahifalarida yoritish yuzasidan o‘zaro hamkorlikka tayyor ekanliklarini ma’lum qildilar.

Kiritildi: 11:51 29.05.2023. O'qildi: 954 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!