Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri 59 yoshli Boris Jonson sakkizinchi marta ota bo‘ldi. Bu haqda “Daily Mail”ga tayanib, Qalampir.uz xabar berdi.
Qayd etilishicha, sobiq bosh vazirning rafiqasi Kerri Jonson o‘zining Instagram sahifasi orqali farzandli bo‘lganini va chaqaloqqa qanday ism qo‘yishganini ma’lum qilgan.
35 yoshli Kerri xonim Frenk Alfred Odissey ismli o‘g‘lining suratlarini ham baham ko‘rgan.
“Bir haftalik Frenki. 5 iyul kuni soat 09:15 da tug‘ilgan Frenk Odissey Jonson, dunyoga xush kelibsan”, deb yozadi u.
Sobiq siyosatchining ayoli, shuningdek, Boris Jonsonning qadimgi yunon afsonalariga qiziqishiga ishora qilib, “erim qanday ism tanlaganini taxmin qilib ko‘ring-chi?” deya hazillashgan.