Ruminiya va Bolgariya 2025 yilning 1 yanvaridan Shengen zonasining teng huquqli a’zolariga aylanadi. Bu mamlakatlarning to‘liq integrasiyalashuvi uchun Yevropa Ittifoqi mamlakatlari ichki ishlar vazirlari ovoz bergani haqida Euro Puls yozmoqda.
31 martda Ruminiya va Bolgariya Shengen zonasiga qisman qo‘shilgan, vizasiz tartib faqat aeroportlar va dengiz portlari orqali chegaralardan o‘tuvchilarga tatbiq etilib, quruqlikdagi chegaralarda nazorat saqlab qolingandi. 1 yanvardan ruminlar va bolgarlar uchun Yevropa darvozalari har tomonlama ochiladi.
Ma’lumot uchun: Shengen zonasi 1985 yilda paydo bo‘lgan. Ayni paytda Yevropa Ittifoqining barcha mamlakatlari (Kipr va Irlandiyadan tashqari) Shengenga qo‘shilgan. Qolaversa, Islandiya, Norvegiya, Shveysariya va Lixtenshteyn ham ushbu zonaga qo‘shilgan.