Ma’lumki, kuz faslida havo harorati pasayib, inson organizmi sovuq kunlarga moslashib boradi. Bu jarayon aksariyat hollarda salomatlikka salbiy ta’sir qilishi aniq. Oqibatda turli virus va bakteriyalar ta’sirida gripp va o‘tkir respirator virusli infeksiyalar ko‘payadi.
👅 Ayniqsa, bu paytda bolalarning nafas yo‘llari yuqumli kasalliklariga chalinish ko‘rsatkichlari yilning boshqa davrlariga nisbatan birmuncha ortishi barchaga ma’lum.
👨👨👧👦 Aytish lozimki, bunday holatda ko‘pchilik ota-onalar farzandlarini uy sharoitida ingalyasiya orqali davolashga harakat qiladi.
❓Xo‘sh, bu qanchalik to‘g‘ri? Mazkur muolaja usulining afzalliklari nimada? U qachon va kimlarga tavsiya etilmaydi?
👨🏻⚕️ Ushbu savollarga oliy toifali shifokor Ravshanbek Umarov batafsil javob berdi.
🔬— Ingalyasiya – nafas yo‘llariga dorilarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuborish usuli bo‘lib, bolalar uchun xavfsiz va samarali hisoblanadi, — deydi mutaxassis. — Uni, asosan, nafas yo‘llari kasalliklari, bronxit, astma, tonzillit va o‘tkir respirator virusli infeksiyalar (O‘RVI) davrida qo‘llash mumkin.
🔶 Mazkur davolash usulining afzalligi shundaki, ingalyasiya yo‘li bilan qilinadigan malham bemorga tez ta’sir ko‘rsatadi. Sababi u orqali dori moddalari bevosita hujayralarga yetib borib, xastalik alomatlari yengillashadi.
🛌 Ingalyasiyaning turlari har xil. Ulardan ba’zilari shifokor tavsiyasi bilan amalga oshirilsa, boshqalari uy sharoitida qo‘llanilishi mumkin.
🩺 Xususan, nebulayzer zamonaviy qurilma bo‘lib, dorini aerozol ko‘rinishiga keltiradi. U bolalar uchun eng xavfsiz va maqbul vosita hisoblanadi. Uning foydasi shundaki, dorilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri nafas yo‘llariga tushib, tez ta’sir ko‘rsatadi. Nebulayzerga shifokor tavsiyasi asosida berilgan maxsus dori vositalarini qo‘shish mumkin.
😮💨 Bug‘li ingalyasiya esa odatda sho‘r va dorivor moddalar qo‘shilgan suv yordamida ishlatiladi. U o‘smir bolalar uchun samarali hisoblansa-da, kichik yoshdagi bolalarda ehtiyotkorlik bilan qo‘llash talab etiladi.
▶️ Shuningdek, aerozolli ingalyasiya maxsus flakonlarda tarqatiluvchi dorilar bilan amalga oshirilib, astma va allergik reaksiyalar uchun ishlatiladi.
🤒 Unutmaslik kerakki, ba’zi bemorlarga ingalyasiya qilish tavsiya etilmaydi. Jumladan, tana harorati 38°S va undan yuqori bo‘lganda, o‘pka yoki yurak faoliyatining og‘ir buzilishi paytida uni qo‘llash mumkin emas.
💊 Ingalyasiya uchun dorilar shifokor tomonidan aniqlangan kasalliklarga muvofiq tanlanadi.
🟢 Muolajani o‘tkazishda quyidagi qoidalarga amal qilish kerak:
✔️bola tinch holatda bo‘lishi va to‘g‘ri nafas olishi;
✔️ ingalyasiyani taomlanishdan kamida 1 soat oldin yoki keyin o‘tkazish;
✔️ muolaja vaqti 5-10 daqiqadan oshmasligi;
✔️ nebulayzer tozaligiga katta e’tibor berish va uni har bir qo‘llashdan keyin yuvish zarur.
‼️ Unutmang, ingalyasiyadan o‘zboshimchalik bilan foydalanish turli ko‘ngilsiz holatlarga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois uni qo‘llashdan avval, albatta, shifokor bilan maslahatlashing.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.