BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk Isroilning G‘azo sektoridagi tinch aholiga qarshi amallari xalqaro huquqni buzishi va urush jinoyati deb baholanishi mumkinligini ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, G‘azoda insonparvarlik yordami olishga harakat qilgan falastinliklarga qarshi amalga oshirilgan hujumlar «g‘ayriinsoniy» tusga ega. Tyurk Falastin aholisi amalda og‘ir tanlov oldida turganini – ya’ni ochlikdan o‘lish yoki yordam so‘ragan paytida halok bo‘lish holatiga tushib qolganini qayd etdi.
Komissar Isroil tomonidan insonparvarlik yordamining tarqatilishiga ataylab to‘siqlar qo‘yilishi urush jinoyati sifatida baholanishi mumkinligini bildirdi. Shuningdek, u bu holatlarga darhol va xolis tergov o‘tkazilishini, aybdorlar javobgarlikka tortilishini talab qildi.
Folker Tyurk, shuningdek, Xalqaro jinoiy sud 2024 yilda Isroilni falastinliklar uchun oziq-ovqat, suv, elektr, yoqilg‘i, dori-darmon kabi hayotiy ehtiyojlarni ta’minlash bo‘yicha chora ko‘rishga majbur qilganini esga soldi. U bu majburiyatlarni bajarmaslik hech qanday asosga ega emasligini aytdi.
27 maydan buyon Isroil harbiylari G‘azoda Amerika va Isroil tomonidan moliyalashtirilgan yordam markazlariga bir necha bor hujum qilgan. Bu hujumlar asosan falastinliklar yordam olish umidida to‘planayotgan «bufer zonalar»da amalga oshirilgan.
1 iyun kuni sodir bo‘lgan ikki alohida hujumda 32 falastinlik halok bo‘ldi, 232 kishi yaralangani ma’lum qilindi. BMTning Falastinlik qochqinlarga yordam agentligi rahbari Filipp Lazzarini: «G‘azoda yordam tarqatilishi o‘lim tuzog‘iga aylangan», deya bayonot berdi.
Isroil armiyasi ham o‘tgan kuni yordam so‘rab kelgan falastinliklarga nisbatan o‘t ochilganini tan oldi.