Bugun 21 aprel, 2026 yil, seshanba

КИР

BMT bong urmoqda: Isroil askarlari ikki yilda 38 ming ayolni o‘ldirdi

BMT bong urmoqda: Isroil askarlari ikki yilda 38 ming ayolni o‘ldirdi

BMTning ayollar masalalari bo‘yicha dasturi G‘azo sektoridagi urushga oid qayg‘uli statistikani e’lon qildi.

2023 yil oktyabrdan 2025 yil dekabrga qadar bo‘lgan muddat ichida Isroil harbiylarining hujumi oqibatida g‘azolik 38 mingdan ziyod xotin-qizlar halok bo‘lgan.

Qirg‘inbarot oqibatida 11 mingdan ziyod xotin-qizlar jarohatlandi, ularning ko‘pchiligi mayib-majruh bo‘lib qoldi.

BMT ogohlantirishicha, qurbonlar soni yanada ko‘proq bo‘lishi mumkin. Yana minglab jasadlar vayronalar ostida qolmoqda. Tibbiyot tizimi butunlay izdan chiqqan sharoitda daraksiz yo‘qolganlarni aniq hujjatlashtirishning ham imkoni yo‘q.

BMTning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha dasturi vakili Sofiya Kalltorpga ko‘ra, shu tariqa ikki yil mobaynida har kuni kamida 47 nafar xotin-qiz hayot bilan bevaqt vidolashgan.

«Ro‘yxatdagi har bir raqam ortida kimningdir onasi, qizi, singli yoki dugonasining taqdiri yotibdi. Qolaversa, eridan ayrilgan ayollar daromad, qo‘llab-quvvatlash va eng oddiy xizmatlar ham yo‘q sharoitda oilasini boqishga majbur qolmoqda», — degan Sofiya Kalltorp.

Xalqaro tashkilot vakili G‘azoda gumanitar vaziyat o‘ta og‘ir ekani, homilador ayollar hatto ko‘cha-ko‘yda, chang-to‘zonlar ichida ham farzand dunyoga keltirishga majbur bo‘layotganini aytgan.

2025 yil oktyabr oyida G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish haqida bitim imzolangan bo‘lsa-da, tinch aholi vakillari, xususan, ayollar va bolalar o‘limi davom etmoqda.

BMT tomonidan bir necha kun avval Falastin yerlari, xususan, G‘azodagi vaziyat yuzasidan e’lon qilingan hisobotda ham Isroil harbiylari falastinliklarga nisbatan genosid va qiynoq siyosatini yuritayotgani aytiladi.

BMTning Falastinda inson huquqlari masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Francheska Albaneze G‘azo sektorida inson huquqlari me’yorlari o‘ta qo‘pol ravishda buzilayotganini tanqid qilar ekan, Isroil armiyasini «Er yuzidagi eng tuban armiya» deb atagan.

Isroil HAMAS harakati hujumiga javoban G‘azo sektoriga bostirib kirgan 2023 yil 7 oktyabrdan keyin 72 553 nafar falastinlik o‘ldirildi, 172 296 nafari jarohatlandi.

Ikki o‘rtada sulh bitimi imzolangan 2025 yil 10 oktyabrdan keyin ham 777 nafar falastinlik halok bo‘ldi.

G‘azo sektoridagi 90 foiz binolar — turarjoylar, shifoxonalar, maktablar, masjidlar yer bilan yakson etildi.

Hali-hamon qamal ostida yashayotgan G‘azo sektoridagi 2,3 million aholi hayotiga bombalardan tashqari ochlik, tashnalik va yuqumli xastaliklar xavf solmoqda.

2025 yil sentyabr oyi xalqaro komissiya Isroilning G‘azodagi harakatlarini genosid deb tan oldi.

G‘azodagi xunrezlik ko‘lami shu qadar ulkanki, ekspertlar «bunday hodisa XXI asrda ro‘y berganiga aql bovar qilmasligi»ni ta’kidlamoqda.

Kiritildi: Bugun 17:18. O'qildi: 293 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!