Bugun 19 mart, 2024 yil, seshanba

КИР

“Biz ko‘p go‘sht yeyapmiz”: bu fikrni oqlash mumkinmi?

“Biz ko‘p go‘sht yeyapmiz”: bu fikrni oqlash mumkinmi?

“Go‘sht qimmatlashishiga xalqning ko‘p go‘sht yeyayotgani sabab” — bu fikr so‘nggi paytlarda trendga chiqdi. Albatta, xalq bu fikrlarga salbiy reaksiya bildirdi. O‘z navbatida bu fikrni oqlovchilar ham topildi.

“Restoranlarda go‘sht ko‘p-ku” — restoranlarimizda go‘sht ko‘pligi tabiiy. Ammo shahardagi kazo-kazo restoranlarni qo‘ying, hamma kiradigan o‘rtamiyona restoranlarga qarang, oshxona deyaqolaylik. Shaxsan o‘zimiz ko‘pincha kiradigan tamaddixonalarda go‘shtli ovqatlar ko‘p emas, boriyam qimmat. Bir marta yeysiz, ikki marta yeysiz, uchinchi martasiga cho‘ntagingiz chidamaydi. Agar oddiy xalq, oylik maosh hisobiga yashaydigan xalq o‘sha restoranga kirib, har kuni hech bo‘lmasa tushlikda sergo‘sht ovqat yeyib keta olsa, aytsa bo‘lardi “biz ko‘p go‘sht yeyapmiz”, deb. Ammo, afsuski, bunday emas. Restoranu kafelarda go‘shtli ovqat ko‘pligi bor gap, ammo o‘sha tamaddixonalarda go‘shtli ovqat o‘rniga perashka, gumma, kartoshkali somsa (go‘shtli somsa qimmatroq) yeydiganlar ham istagancha topiladi. Bu yog‘ini tushundingiz...

O‘zbekning to‘yida go‘sht ko‘p bo‘ladi. To‘g‘ri, bu haqiqat. Axir o‘zbek ne-ne orzu-havaslar bilan to‘y qiladi. Yig‘inadi. Bitta to‘y — o‘zbekning yillab topgan daromadi. Ya’ni o‘zbek har kuni to‘y qilib, har kuni dasturxonda kilo-kilo go‘sht to‘kkanida aytsak bo‘lardi “o‘zbek ko‘p go‘sht yeyapti”, deb. Baraka topkur, uch-to‘rt yillab yiqqan puliga to‘y qilganidan keyin go‘shtni ham mo‘l qilib qo‘yadi-da...

Chekka-chekka qishloqlarda hozir ham go‘sht yeganini bayram qiladigan oilalar topiladi. Ovqatidan go‘sht chiqqanida “Urre, go‘sht yer ekanmiz”, deydigan bolajonlar ham talaygina. 50 000 so‘mga 1 kilo go‘sht olishga qurbi yetmaydigan, aniqrog‘i, maoshining 50 000 so‘mini go‘shtga sarflagandan ko‘ra, o‘shanga ko‘proq kartoshka va piyoz olib, go‘shtni unutib turadigan oilalar ham talaygina. Maosh olganida ro‘zg‘orga kerakli oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxatini tuzayotganda “go‘sht” so‘zini tashlab ketadigan erkaklar talaygina. Buni har kuni go‘shtli, issiq ovqatlarni paqqos tushirib, har kuni restoranda jizu shashlik yeydigan amaldorlar qayerdan bilsin?

O‘zbekni go‘shtni ko‘p yeydi, deydiganlar faqat Toshkent bilan cheklanmasin, faqat kam sonli qatlam bilan cheklanmasin. Sal aqlni ishlatish lozim. Ishoning, o‘zbek ko‘p go‘sht yeyayotgani yo‘q, umumiy misolda aytganda bu fikr o‘z tasdig‘ini topadi. Bu xuddi 20 nafar 6 000 000 so‘m maosh va 30 000 nafar 8 00 000-1 000 000 so‘m maosh olayotganlar bo‘la turib, o‘rtacha oylik ish haqini 2000 000-250 000 so‘m deyishga o‘xshaydi. Shu o‘rinda mansabdorlarga murojaat qilmoqchiman, baraka topgurlar, narx oshirayotganda o‘zingizning emas, xalqning, oddiy xalqning cho‘ntagini ham hisobga oling. Ishoning, siz bugun juda oson topib yeyayotgan o‘sha go‘sht, siz bemalol sarflayotgan o‘sha benzin va siz bemalol ishlatayotgan boshqa narsalarga ega bo‘lish uchun xalq anchagina ter to‘kadi. Shuni his qiling.

Nizomjon ISLOMOV

Kiritildi: 16:46 11.09.2019. O'qildi: 4150 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!