Bugun 3 iyul, 2025 yil, payshanba

КИР

Birlashgan Arab Amirliklariga tashrif buyurayotgan fuqarolar uchun ESLATMA

A A A
Birlashgan Arab Amirliklariga tashrif buyurayotgan fuqarolar uchun ESLATMA

1. Viza

O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari xorijga chiqish biometrik pasporti asosida xorijga chiqadi.

O‘zbekiston Respublikasi hukumati va Birlashgan Arab Amirliklari hukumati o‘rtasida imzolangan kirish viza talablaridan o‘zaro ozod etish to‘g‘risidagi hamkorlik bayonnomasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari:

uchun kamida olti (6) oy davomida amalda bo‘lgan biometrik turdagi fuqarolik pasporti (xorijga chiqish uchun), biometrik turdagi fuqarolik pasportiga (O‘zbekiston Respublikasiga qaytish uchun) ega bo‘lgan fuqarolar viza talablaridan ozod qilinadi va o‘ttiz (30) kun oshmagan muddatda qolishga ruxsat beriladi;

Birlashgan Arab Amirliklari hududiga 2024 yil 16 fevraldan boshlab 30 kundan oshmagan muddatga viza rasmiylashtirmasdan kirishi mumkin.

Birlashgan Arab Amirliklariga 30 kundan ortiq muddatga o‘rnatilgan tartibda viza rasmiylashtirgan holda tashrif buyuradi.

Birlashgan Arab Amirliklari hududida ishlash, biron-bir kasb bilan shug‘ullanish yoki o‘qishga BAAning amaldagi milliy qonunlari va normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq ruxsat olishi lozim.

2. Valyuta

Mahalliy valyuta – BAA dirxami (AED).

Mahalliy valyutani almashtirish punktlarida xarid qilish imkoniyati mavjud.

Ma’lumot uchun: 2024 yilning 4 yanvar kundagi valyuta kurslariga muvofiq, 1 AQSh dollari 3,65 dirxamga teng (kurs so‘nggi 20 yil davomida deyarli o‘zgarmagan).

Bundan tashqari, xalqaro to‘lov tizimlar (Union Pay, Mastercard, VISA) o‘rnatilgan bank kartalari orqali to‘lovni amalga oshirish imkoniyati mavjud.

3. Mahalliy vaqt

Birlashgan Arab Amirliklari vaqti (GMT+4) O‘zbekiston Respublikasidagi vaqtdan 1 soat orqada.

4. Aeroport qoidalari

BAA hududiga ilk bor kirib, pasport nazoratidan o‘tish vaqtida pasport taqdim etilgandan so‘ng, ko‘z pardasi va barmoq izlari skanerlanadi hamda doimiy ma’lumotlar bazasida saqlanadi.

Ma’lumot uchun: jarayon og‘riqsiz o‘tkaziladi va biometrik himoya qilish uchun qo‘llanadi.

5. Taksi xizmatlari

Birlashgan Arab Amirliklari hududida taksi xizmatlari hisoblagichning ko‘rsatkichlari asosida narx belgilanadi.

Ma’lumot uchun: Abu Dabi va Dubayda taksida yurishning minimal narxi - 12 dirham, Sharjada 13 dirham, uchala shaharda 1 soat kutish vaqti 30 dirham. Abu Dabida har km uchun 1,8 dirham, Dubay va Sharjada 2,8 dirham to‘lanadi.

6. Soliqlar

- Birlashgan Arab Amirliklarida barcha tovar va xizmatlar uchun to‘lovlar narxidan 5 foiz qo‘shilgan qiymat solig‘i undiriladi.

- Birlashgan Arab Amirliklariga turizm maqsadida tashrif buyurgan turistlardan mehmonxona xizmatlarining narxidan 4 foiz turistik solig‘i undiriladi, soliqlar mehmonxona narxiga qo‘shilgan tarzda taqdim etiladi.

BAA bo‘ylab xorijiy davlatlar fuqarolari uchun “Tax free” tizimi joriy etilgan. 2022 yil 14 sentyabrda ushbu tizim to‘liq raqamlashtirilgan va barcha aeroportlarda o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish kiosklarida fuqarolar qilingan xarid uchun elektron xarid cheklari orqali QQSni qaytib olishlari mumkin.

7. Til.

Birlashgan Arab Amirliklari davlat tili – arab tili.

Biroq, BAAda doimiy yashovchi xorij fuqarolarining umumiy aholi sonidagi ulushi 88%ni tashkil qilgani va turistlar uchun sharoit yaratish maqsadida ommaviy ob’ektlardagi ko‘rsatkichlar hamda yo‘l va boshqa belgilar arab va ingliz tillarida. Muloqotda urdu, hind va fors tillari ham keng tarqalgan.

8. Taqiqlar va tavsiyalar

Alkogolizmni targ‘ib qilish

Mamlakatda alkogolli ichimliklarni jamoat joylarida iste’mol qilish va mast bo‘lish bilan bog‘liq qat’iy cheklovlar mavjud. Restoranlarda, kafelarda, mehmonxonalarda yoki xonadonlarda spirtli ichimliklar ichish mumkin.

Sharja amirligida spirtli ichimliklar bilan bog‘liq cheklovlar qat’iy nazorat qilinadi. Sharjada jamoat transportida spirtli ichimliklarni olib yurish ham taqiqlanadi. Qoidabuzarlar olti oygacha qamoq jazosiga yoki 2000 dirham ($ 545) miqdorida jarimaga tortiladi.

Mahalliy aholini suratga olish

Amirliklar qonunchiligi odamlarni ularning roziligisiz suratga olishni taqiqlaydi. Shu sababli, sayyohlar mahalliy aholini kameraga yozib olishga harakat qilishda ehtiyot bo‘lishlari kerak. Suratga olishdan oldin, agar ular bunga qarshi bo‘lmasalar, aniqlab olish yaxshiroq.

Qoida odamlar gavjum joylarda, diqqatga sazovor maskanlarni suratga olishda qo‘llanilmaydi. Ammo boshqa hollarda yirik miqdorda jarima to‘lanishiga, qonunni qo‘pol ravishda buzganlik uchun esa 7 yilgacha mahalliy qamoqxonaga ravona bo‘lish mumkin.

Jamoat joylarida erkak va ayollar o‘zlarini tutishi

Bu borada qat’iy cheklovlar BAAning barcha Amirliklarida qo‘llaniladi. Juftliklarning jamoat joylarida haddan ziyod yaqin bo‘lishi va turli harakatlar qilishi yuqoridagi kabi jarima yoki qamoq jazosiga duch kelishingiz mumkin.

Turistlarga bo‘lgan munosabat tufayli huquqni muhofaza qilish organlarining ushbu masala bo‘yicha sayyohlarga munosabati yengil ko‘riladi. So‘nggi yillarda xorij fuqarosi bo‘lgan huquqbuzarlarga shunchaki tanbeh berilmoqda. Biroq mavjud jazo choralari amalda qolmoqda.

Bir jinsli shaxslarning o‘zaro munosabatga kirishishi BAA qonunchiligiga ko‘ra ommaviy kaltaklashdan tortib, qamoqqa olish yoki o‘lim jazosigacha jazolanishi mumkin. Bu borada qonunbuzarlar millatidan va jinoyat sodir etilgan joydan (jamoat joyi, mehmonxona, xususiy turar joy) qat’iy nazar jazolanadi.

Qarama-qarshi jins vakillari kiyimlarini kiyish, taqinchoq va boshqa buyumlaridan foydalanish yirik miqdorda jarima yoki qamoq jazosiga sabab bo‘ladi.

Jamoat joylarida sayyohlarning ko‘rinishi

BAA qonunchiligi shariatga asoslanishidan kelib chiqib, jamoat joylarida haddan tashqari ochiq va tor kiyimlar kiymaslik bo‘yicha qat’iy talablar mavjud. Biroq, hozirda kiyinish qoidalarini buzganlarga jiddiy jazo qo‘llanilmaydi. Faqat masjidga tashrif buyuruvchilarning tashqi ko‘rinishiga qo‘yiladigan talablarga qat’iy rioya qilinadi.

Jamoat transportidagi ayrim qoidalar

Dubay metrosidagi pushti rangdagi vagonlar faqat ayollar va 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan, erkaklar chiqishi man etiladi.

Jamoat transportida ovqatlanish qat’iyan man etiladi, qoida hatto saqich uchun ham amal qiladi.

Nogironlar va homilador ayollar uchun joylarni egallash taqiqlanadi, hatto ular yaqin atrofda bo‘lmasa ham.

Uchala holatdagi taqiqlarni buzganlar uchun 100 dirham ($ 27) miqdorida jarima qo‘llaniladi.

Ramazondagi ayrim jihatlar

Ramazon davrida jamoat joylarida kunduzi ovqatlanish va suv ichish qonunchilik darajasida taqiqlangan. Taqiqni buzganlar bir oy qamoqxonaga tushishi yoki 1000 dirham ($ 272) jarimaga tortilishi mumkin.

Shuningdek, bu davrda jamoat joylarida fuqarolarning tashqi ko‘rinishi va hatti-harakatlariga qo‘yilgan talablar (baland ovozda gapirish yoki kulish, qasam ichish) kuchaytiriladi. O‘z navbatida, bu davrda turar joylar narxlari arzonlashadi, turli chegirmalar joriy etiladi.

Boshqa din vakillarining diniy e’tiqodlarini haqoratlash jazolanadi. Har qanday dinni tanqid qiladigan ramzlar bilan kiyim kiyish taqiqlanadi.

Kiritildi: 22:27 16.01.2024. O'qildi: 3122 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!