Bugun 19 mart, 2024 yil, seshanba

КИР

Beva ayolga yaqinlik qilish savobmi?

Beva ayolga yaqinlik qilish savobmi?

Ba’zan:  "Beva ayollarga jinsiy muomala qilish savob bo‘ladi. Bu xuddi chanqab turgan daraxtga suv berganday gap-da", deyilgan gaplarni eshitib qolamiz.

Bu nechog‘lig‘ to‘g‘ri so‘z? Rostan ham shundaymikan?

Musulmon kimsalar uchun dasturul amal bo‘lmish Qur’oni karim va Sunnati nabaviyyaga murojaat qilamiz.

Alloh taoloning kalomida marhamat qilingan:

«Zinoga  yaqinlashmanglar! Chunki u  buzuqlik va  yomon  yo‘ldir». [Isro surasi, 32-oyat].

Demak, Alloh taolo zinoni harom etgan va ajratib "bevaga joiz, boshqaga harom",  deb aytmagan. Zino barcha musulmonlar uchun eng yomon yo‘l ekan va zino qilmaslik, hatto unga  yaqin bormaslik buyurilgan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kimki zino qilsa yoki xamr ichsa, xuddi inson boshidan ko‘ylagini yechib olgandek, Alloh undan iymonni yechib oladi”. (Hokim rivoyati).

Hadisda zinokor kimsa (agar halol deya) zino qilsa iymonidan ayrilishi aytilmoqda.

Musulmonlar uchun iymondan ayrilishdan-da qo‘rqinchli holat yo‘q. Zotan, iymonsiz kimsa do‘zaxda abadiy qoladi.

Ato rahimahulloh jahannam haqida bunday degan: "Uning yettita darvozasi bo‘lur"  (Hijr, 44), oyatining tafsiri: "Bu darvozalarning eng g‘am-tashvishli, qayg‘uli, eng issiq va eng badbo‘yi – bilaturib qasda zino qilgan zinokorlar kiradigan darvoza bo‘ladir".

“Beva va miskinlarni boqish yo‘lida sa’y-harakat qiluvchi kimsa, xuddi Alloh yo‘lida jiddu jahd qiluvchi kishidek va kunduzi ro‘zador, kechasi esa ibodatda qoim bo‘lgan kishidek (ajr-savobga ega bo‘lar)”. (Buxoriy va Muslim).

Ushbu hadisga diqqat qilaylik. Unda beva ayolga  yordam beruvchi go‘yoki Alloh yo‘lida jiddu jahd etuvchi kimsadek savoblarga erishar, tunlari qoim va kunduzlari ro‘zodor kabi savobga ega bo‘lar ekan.

Bu hadislardagi ulkan savoblar beva ayollarga xolis Alloh rizosi uchun yordam qiluvchilargadir!

Zero, eri vafot qilgan va moddiy qiyinchilikdagi mushtipar onaga yordam qilish eng katta savob ishlardan biri bo‘ladi.

Palid va eng jirkanch kimsa esa,  beva ayollarni kamsitib, ular bilan zino qilish payida yuradi.

Bir tafakkur qilib ko‘raylik, Alloh taqdiri ila o‘zimizning opa-singlimiz, qiz-nabiramiz beva bo‘lib qolib, kimdir uni zinoga chorlasa bizga yoqarmidi? Hech qachon!

Qolaversa, ulamolarimiz haromni halol va halolni harom degan kimsa dindan chiqib, iymonidan ayrilishini aytishgan.

Zinoni savob bo‘ladi deya aytish, iymondan ayrilishga olib boradi.

Musulmonlar biron sabab ila ersiz qolgan mushtipar beva ayolga to‘shak o‘yida emas,  Alloh rizosi uchun beg‘araz yordam qilishlari lozim. 

Sunnatulloh Abdulbosit

Kiritildi: 16:38 20.02.2020. O'qildi: 39765 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!