Quyosh Sharqdan chiqib G‘arbga botar ekan, uning nurlari bir marotaba bo‘lsa ham buyuk Alisher Navoiy haykalini yoritib o‘tishi bor haqiqat. Besh yarim asrdan ziyod vaqt o‘tibdiki, Navoiy siymosi, uning yuksak ijodiy merosi ummon singari hamon mavjlanib turadi. Bashariyat qalbini shams kabi ezgulik nurlari bilan yoritib keladi.
Millat yo‘lini yoritib turgan qalbi quyosh insonlarni tarix sahnasidan, xalq xotirasidan aslo o‘chirib bo‘lmaydi. Ne-ne mustabid zamonlar ham ulug‘ Navoiy dahosi oldida ojiz qolgani rost. Ammo yaqin o‘tmishdan ma’lumki, sobiq tuzum xalqning buyuk ruhini so‘ndirish uchun uning buyuk ajdodlarini yomonotliqqa chiqarish, shaxsi va ijodini buzib ko‘rsatish, atayin bir yoqlama talqin etishga urindi.
Biroq, istiqlolning dastlabki yillaridan milliy o‘zligimizni anglash maqsadida buyuk ajdodlar nomini tiklash, ularning nodir ma’naviy merosini asrab-avaylashga alohida e’tibor qaratildi. Ulug‘ mutafakkir nomi tiklanib, mustaqilligimizning dastlabki yili Navoiy yili sifatida kutib olindi. Bugun dunyo xalqlarini hayratga solgan, turkiy va forsiy adabiyotda yuksak mavqega ega buyuk shoir asarlaridan bahramand bo‘lmagan el bo‘lmasa kerak. Shu bois ilm ahli borki, Navoiyni o‘ziga ustoz deb biladi.
Navoiyning ezgulik, muhabbat, do‘stlik, adolat, tinchlik kabi go‘zal fazilatlar, ma’naviy-axloqiy qadriyatlar to‘g‘risidagi qimmatli fikrlari yosh avlodni barkamol inson etib tarbiyalashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Shoir nomi bilan ataluvchi Navoiy viloyatida ham yoshlarning buyuk ajdodlar merosini puxta o‘rganishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Viloyat markazida qad rostlagan buyuk mutafakkirning muazzam haykali atrofi doim yoshlar bilan gavjum. Xiyobonga tutash muhtasham Yoshlar markazi shijoatli yoshlarning ziyo maskanidir. Bu yerda faoliyat ko‘rsatayotgan 15 dan ortiq fan, sport, san’at to‘garaklarida ko‘plab iste’dod egalari bo‘sh vaqtlaridan samarali foydalanmoqda.
Bugun shoir nomi bilan ataluvchi viloyatda ulug‘ ajdodimiz tavalludining 579 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Unda viloyatdagi korxona va tashkilotlar, davlat va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Navoiy shahrida qad rostlagan mir Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo‘yilib, mushoiralar uyushtirildi.
Darhaqiqat, viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari, ma’rifat maskanlari, mehmonxona, xalqaro aeroport, erkin iqtisodiy zonaga Navoiy nomi qo‘shib aytiladi. 2001 yilda Navoiy shahridagi markaziy madaniyat va istirohat bog‘ida buyuk mutafakkirning muazzam haykali barpo etilib, saylgohga Alisher Navoiy nomi berildi. Toshkentlik iste’dodli haykaltarosh Anvar Rahmatullayev, me’mor Bahrom Abdullayev hamda haykaltarosh Pavel Podosipnikov bilan hamkorlikda ishlagan haykal bog‘ga ma’naviy ruh bag‘ishlab turibdi.
Markaziy madaniyat va istirohat bog‘ida qariyb 20 gektar maydonda 11 milliard so‘mdan ortiq qurilish ishlari olib borilib, maskan butkul yangicha qiyofaga kirdi. 2 ta musiqali favvora o‘rnatildi. Yozgi sahna, 22 attraksion, kurash maydoni, savdo nuqtalari barpo etildi. Shoir hayoti va ijodiga bag‘ishlab o‘rnatilgan “Yulduzning tug‘ilishi”, “O‘spirinlik”, “Yoshlik” va “Donishmandlik” deb nomlangan ramziy haykallar turkumi kishini falsafiy mushohadaga chorlaydi. Buyuk zotning bosib o‘tgan umr yo‘lini tasavvur etishga undaydi. Bu yerga kelgan yoshu keksaning qalbiga Farhodning jasorati, Qaysning matonati, Bahromning zakovati jo bo‘lishi shubhasiz. Navoiyni o‘rganish yoshlarni halollik, poklik, mardlik, mehr-oqibat va sadoqatga oshno etadi.
Alisher Navoiy haykali atrofiga manzarali daraxtlar ekilib, ko‘rkam ko‘rinishga keltirildi. Bunday yangilanish va ulkan e’tibor Navoiy siymosiga qaratilayotgan hurmat ramzidir. Bog‘ning shimoliy hududi yangi ko‘rinishga kirdi. Eskirgan buta va daraxtlar o‘rniga nina bargli ko‘p yillik nihollar ekildi. Qariyb 4 gektar maydonda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borildi. Ayni paytda manzarali daraxt ko‘chatlarining parvarishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Navoiy shahridagi “Farhod” va “Shirin” madaniyat saroylari madaniyat va ma’rifat maskaniga aylangan. Nufuzli tadbirlar, uchrashuvlar, turli badiiy kechalarning keti uzilmaydi. Har ikki maskanda yosh o‘g‘il-qizlar san’at turlari bilan muntazam shug‘ullanishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Xususan, “Farhod” madaniyat saroyining nodir adabiyotlarga boy kutubxonasi o‘quvchi yoshlar bilan doimo gavjum. Saroyning old qismida Farhodning tog‘dan suv keltirish ramziy haykali o‘rin olgan. Bu manzarani teran ilg‘agan har bir inson ko‘z oldida Navoiyning barhayot g‘oyalari gavdalanadi.
Shaharning serqatnov ko‘chalaridan biri Alisher Navoiy ko‘chasi keyingi besh yil ichida yanada ko‘rkamlashdi. Shaharni Karmana tuman markazi bilan bog‘lash maqsadida yangidan 3,4 kilometrlik avtomobil yo‘li barpo etildi. Yo‘l atrofida zamonaviy infratuzilmalar va imkoniyatlarni hisobga olgan holda ko‘rkam binolar, restoran va savdo markazlari bunyod bo‘layotir. Aynan mazkur yo‘l bo‘yida yosh oilalar uchun “Kamolot” uylarining barpo etilayotgani ko‘chaga o‘zgacha fayz bag‘ishlamoqda
Kundan kun ko‘rkam qiyofa kasb etib borayotgan viloyatda shoir ijodi va uning boy ijodiy merosini o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, buyuk mutafakkir tavalludining 579 yilligi munosabati bilan talaba hamda o‘quvchilar Navoiy hayotini aks ettiruvchi sahna ko‘rinishlarini namoyish etmoqda. Madaniyat saroylari va ta’lim muassasalarida mushoira kechalar uyushtirilayotir.
Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida ulug‘ mutafakkir tavalludiga bag‘ishlab, badiiy kecha tashkil etildi.
Manba: uza. uz