Avvalroq Isroil ommaviy axborot vositalari mamlakat mudofaa vazirligidagi manbalarga tayanib, Binyamin Netanyahu G‘azo sektorining janubida joylashgan ma’lum bir guruhga qurol yetkazib berishga ruxsat bergani haqida xabar bergan edi.
"Bunday ayblovni birinchi bo‘lib muxolifatdagi siyosatchi, “Isroil Bizning uyimiz ” partiyasi rahbari Avigdor Liberman ilgari surgandi", deb yozmoqda BBC.
"Isroil hukumati o‘zini ISHIDga aloqador deb hisoblaydigan jinoyatchilar guruhiga qurol yetkazib bermoqda. Bilishimcha, bu harakat Isroil Vazirlar mahkamasi tomonidan tasdiqlanmagan", — degan Liberman.
Bir qator isroillik siyosatchilar Netanyahuni Isroil xavfsizligini xavf ostiga qo‘yayotganlikda ayblashdi. Biroq Isroil bosh vaziri X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilgan qisqa videoda bu fikrga qo‘shilmasligini bildirdi.
"Bunda qanday yomonlik bor? Bu faqat isroillik askarlarning hayotini saqlab qoladi, bu haqdagi ma’lumotni oshkor qilish esa HAMASga foyda keltiradi", — dedi Netanyahubo‘z murojaatida.
Isroil qurol yetkazib berayotgani aytilgan guruh haqida hozircha ko‘p narsa ma’lum emas. Bu — “Abu Shabab” bo‘lib, uni Yosir Abu Shabab ismli kishi boshqaradi. U o‘z guruhini HAMASga muxolif kuch sifatida ko‘rsatmoqda. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, bu guruh jangchilari G‘azo sektoridagi, hozirda Isroil harbiylari nazorati ostida bo‘lgan Rafah shahrida joylashgan.
Ham Isroilda, ham G‘azoda bu guruhni ayrimlar xalq milisiyasi deb, boshqalar esa jinoyatchilar to‘dasi deb atamoqda. Klanning o‘zi esa "Maqsadimiz — G‘azoga insonparvarlik yordami olib kirayotgan yuk mashinalarini himoya qilish", deya bayonot bergan. Ammo tanqidchilar buning teskarisi sodir bo‘layotganini, ya’ni bu guruh aynan o‘sha mashinalarni talayotganini ta’kidlamoqda.