"Men bugun g‘urur bilan Ukrainaga xavfsizlik sohasida yordam berish uchun qariyb 2,5 milliard dollar ajratilishini e’lon qilaman. Chunki ukrain xalqi Rossiyaning tajovuziga qarshi o‘z mustaqilligi va erkinligini himoya qilishda davom etmoqda", — deyiladi AQSh prezidenti Jo Baydenning bayonotida.
Yangi yordam paketi Pentagonga tegishli zaxiralardan 1,25 milliard dollarlik harbiy ta’minot va Ukraina xavfsizligiga ko‘maklashish tashabbusi (USAI) doirasida 1,22 milliard dollarlik yordamni o‘z ichiga oladi. USAI dasturi bo‘yicha Pentagon tayyor qurol-yarog‘larni yubormaydi, balki qurol ishlab chiqarish uchun oldindan shartnomalar tuzadi.
Oq uyning ma’lum qilishicha, Qo‘shma Shtatlar Baydenning vakolat muddati tugagunga qadar Kiyevning mojarodagi pozisiyasini mustahkamlash ustida ishlashda davom etadi.
So‘nggi haftalarda Jo Bayden boshchiligidagi amaldagi ma’muriyat Ukrainaga harbiy yordam ajratishni tez-tez amalga oshira boshladi. 20 yanvar kuni AQSh prezidenti vakolatlari Donald Trampga o‘tadi. Tramp Rossiya-Ukraina urushini tezroq yakunlash tarafdori hisoblanadi.