Gumonlanuvchi mast holatda o‘tkir tig‘li jism bilan bir xonadonning 5 nafar a’zosini sababsiz pichoqlagan.
Qoraqalpog‘istonda FVVga qarashli harbiy qismda bir yillik xizmatni o‘tayotgan askar 5 nafar fuqaroni pichoqlagani aytilgan xabar ijtimoiy tarmoqlarga sizdirildi. Ushbu holat yuzasidan Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov Nukusdagi holat bilan bog‘liq jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasining ish yurituviga olinganini va tergov harakatlari davom ettirilayotganini bildirdi.
Aniqlanishicha, joriy yilning 3 yanvar kuni Nukusda FVVga qarashli harbiy qismda bir yillik xizmatni o‘tayotgan askar harbiy qismdan chiqib ketib, mast holatda o‘tkir tig‘li jism bilan eshigi ochiq turgan xonadonga kirib uxlab yotgan 5 nafar fuqaroni sababsiz pichoqlagani va buning oqibatida jabrlanuvchilarning bir nafari vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan JKning 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi va 25, 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) 2-qismi “a, l” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 2005 yilda tug‘ilgan gumonlanuvchi shaxs prosessual tartibda ushlangan.
Jabrlanuvchilarning 1 nafari vafot etgan, qolgan 4 nafariga shifoxonada zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Nukus harbiy prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borlimoqda.