Bu haqda Reuters agentligi Suriyadagi ikki manbasiga asoslanib xabar tarqatdi. Agentlik manbasi samolyot ekipaji transpondyorni ataylab o‘chirib qo‘ygan bo‘lishi va shu tufayli bort radarlardan yo‘qolgan bo‘lishi mumkinligini istisno etmaydi.
"Bortida Bashar Asad bo‘gan samolyot radarlardan yo‘qoldi, bu uning transponderi o‘chirilgani uchun bo‘lishi ham mumkin. Ammo men samolyot katta ehtimol bilan urib tushirilgan deb hisoblayman", — deya manbaning so‘zlarini keltirgan Reuters.
Agentlik Flightradar24 servisi ma’lumotlariga asoslanib, Damashq isyonchilar qo‘liga o‘tishidan biroz oldinroq Syrian Air aviakompaniyasining Il-76 rusumli samolyoti mahalliy vaqt bilan 8 dekabrda 4:55 da Suriya poytaxti aeroportidan uchib ketganini yozgan. Samolyot bortida kim bo‘lgani oxirigacha aniq emas. Bu prezident Bashar Asad bo‘lgani taxmin qilinmoqda.
Samolyot avvaliga sharqqa, Iroq bilan chegara tomon uchgan, keyin esa birdaniga shimoli-g‘arbga burilib, mamlakatning Asadga moyil bo‘lgan alaviylar nazorati ostidagi, Rossiya harbiy bazalari joylashgan hududlari tomon ucha boshlagan, shundan keyin Homs yaqinida radarlardan yo‘qolib qolgan. Bu shaharni shu kunlarda isyonchilar o‘z nazoratiga olgandi. FlightRadar ma’lumotiga ko‘ra, radarlardan g‘oyib bo‘lishidan oldin samolyot parvozi balandligi va tezligi asta-sekinlik bilan 2,6 km va 64 km/soatgacha pasaygan.