Bugun 17 may, 2025 yil, shanba

КИР

Baqara surasini o‘qisangiz…

A A A
Baqara surasini o‘qisangiz…

«Nabiy alayhissalom: «Har narsaning sanomi – ko‘zga ko‘ringan joyi bo‘ladi. «Baqara» surasi Qur’onning sanomidir. Kim o‘z uyida kechasi uni o‘qisa, o‘sha uyga uch kecha shayton kirmaydi. Kim uni kunduzi o‘qisa, uch kun shayton kirmaydi», deganlar».

Imom Dorimiy rivoyat qiladilarki, Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu:

«Kim surai «Baqara»dan o‘n oyatni – avvalidan to‘rt oyat, «Oyatul Kursi» va undan keyingi ikki oyat va oxiridan uch oyatni kechasi o‘qisa, o‘sha uyga shu kechasi shayton kirmaydi», deganlar.

Imom Nasaiy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:

«Nabiy alayhissalom bir joyga ko‘p sonli kishilarni yuborishdan avval ularga Qur’on o‘qitib ko‘rdilar. Ulardan har biri Qur’onni qancha bilsa, shuni o‘qidi. Ularning ichida eng yosh yigitning oldiga kelib:

– Ey Falonchi, sen Qur’ondan qancha bilasan? – dedilar. U:

– Falon, falon suralarni va «Baqara» surasini bilaman, – dedi. U zoti bobarakot:

– «Baqara» surasini bilasanmi? – deb so‘radilar. Yigit:

– Ha, – dedi. Nabiy alayhissalom:

– Boraver, sen ularga amirsan, – dedilar…»

Imom Buxoriy rivoyat qiladilar:

«Usayd ibn Huzayr roziyallohu anhu kechasi «Baqara» surasini o‘qiyotgan edi. Yaqinida oti bog‘log‘liq turar edi. Birdan ot tipirchilab qoldi. Qiroatdan to‘xtagan edi, ot ham to‘xtadi. Yana o‘qigan edi, ot ham tipirchiladi. O‘g‘li Yahyo yaqinida uxlab yotardi. Ot bosib olmasin deb, borib, uni qo‘liga oldi va boshini osmonga ko‘tardi. Tong otgandan so‘ng hodisani Nabiy alayhissalomga so‘zlab berdi. U kishi:

– O‘qi, Ey Ibn Huzayr, – dedilar. U bo‘lsa:

– Ey Allohning Rasuli, Yahyoni bosib olmasin deb qo‘rqdim, uning yaqinida edi. Boshimni ko‘tarib, uning oldiga bordim. Osmonga qarasam, bulutga o‘xshash narsa, ichida chiroqqa o‘xshagan narsalar ham bor. Ularni ko‘rmay deb, chiqib ketdim, – dedi. Nabiy alayhissalom:

– U nimaligini bilasanmi? – dedilar. U:

– Yo‘q, – dedi. U zoti bobarakot:

– Ular sening ovozingga kelgan farishtalar. Agar tong otguncha o‘qiyverganingda, odamlar ularga nazar solsa bo‘lardi. Ular berkinmas edilar, – dedilar».

Abu Ubayd rivoyat qilishlaricha:

«Bir odam namozda «Baqara» va «Oli Imron» suralarini o‘qidi. Namozini tugatganidan keyin hazrati Ka’b roziyallohu anhu unga:

– «Baqara» bilan «Oli Imron»ni o‘qidingmi? – dedilar. U:

– Ha, – dedi. Shunda u kishi:

– Mening jonim tasarrufida bo‘lgan Zot bilan qasamki, bu ikkovida u bilan duo qilsa mustajob bo‘ladigan Allohning ismi bor, – dedi. Haligi odam:

– Menga o‘rgatib qo‘ying, – dedi. Hazrati Ka’b:

– Yo‘q, o‘rgatmayman, senga uning xabarini aytsam, o‘zingni ham, meni ham halok qiladigan duo qilib qo‘ymagin, – dedilar».

«Tafsiri Hilol» kitobi asosida Qudratulloh Ahmad tayyorladi

 

 

Kiritildi: 10:45 28.10.2019. O'qildi: 9859 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!