Bangladesh jinoiy ishlar bo‘yicha xalqaro tribunali avgust oyida ommaviy norozilik namoyishlari fonida Hindistonga qochib ketgan mamlakat sobiq bosh vaziri Shayx Xasinani hibsga olishga order berdi, deya xabar bermoqda BBC News.
Bangladeshni 20 yildan ortiq boshqargan sobiq bosh vazir yuzlab odamlar halok bo‘lgan namoyishlar chog‘idagi «insoniyatga qarshi jinoyatlar»ga aloqadorlikda gumonlanib, tribunal tomonidan qidirilmoqda.
Shuningdek, mamlakatdan qochib ketgan 45 nafar boshqa shaxslar, jumladan sobiq hukumat tarkibidagi vazirlarni ham hibsga olishga order berilgan.
Bangladeshda norozilik namoyishlari iyul oyi boshida avj olgandi. O‘shanda mamlakatning elit universitetlari talabalari ko‘chalarga chiqib, davlat sektoridagi ish o‘rinlarining uchdan bir qismini 1971 yilda Pokistondan mustaqil bo‘lish uchun urushda qatnashgan faxriylarning qarindoshlari uchun olib qo‘yadigan tizimga o‘zgartirish kiritishni talab qilgandi. Ularning aytishicha, mavjud tizim adolatsiz bo‘lib, ishchilar lavozimlarga munosibligiga qarab tayinlanishi lozim. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay namoyishlar tartibsizliklarga aylanib, butun mamlakat bo‘ylab kuzatila boshlandi va ularning ishtirokchilari Xasinaning iste’fosini talab qila boshladi.
Xasina qochib ketgandan so‘ng Bangladeshda muvaqqat hukumat tuzildi va unga «kambag‘allar uchun bankir» degan ta’rif bilan tanilgan Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Muhammad Yunus rahbar bo‘ldi.
77 yoshli Xasina qochib ketganidan beri omma oldida ko‘rinish bermadi. U so‘nggi marta Hindiston poytaxti Dehli yaqinidagi harbiy havo bazasida bo‘lgani, u yerga vertolyotda yetib borgani ma’lum.
Bangladeshning yangi hukumati Xasinaning diplomatik pasportini bekor qildi. Bundan tashqari, Bangladesh va Hindiston o‘rtasida ekstradisiya bo‘yicha ikki tomonlama shartnoma mavjud. Biroq, agar jinoyat «siyosiy xususiyatga ega» bo‘lsa, ekstradisiya bo‘yicha so‘rov rad etilishi mumkin.