Tailand poytaxti Bangkok chekkasida o‘quvchi va o‘qituvchilarni olib ketayotgan avtobus yonib ketdi. Mashinadagilardan 25 nafari halok bo‘lgan. Bu haqda "Arab News" xabar berdi.
Avtobus 44 nafar yo‘lovchini markaziy Utxay Tani muzofotidan Ayuttay maktabiga ekskursiyaga olib ketayotgan edi. Yong‘in tush payti poytaxtning shimoliy chekkasidagi Patxum Tani muzofotida boshlangan, dedi transport vaziri Surya Jungrungrungkit voqea joyida jurnalistlarga.
Ichki ishlar vaziri Anutin Charnvirakul aytishicha, rasmiylar hodisa yuzasidan tergov yakunlamagani sababli qurbonlar sonini hali tasdiqlay olmagan. Faqat omon qolganlarga asoslanib, qurbonlar 25 kishi ekani taxmin qilingan.
Ijtimoiy tarmoqda e’lon qilingan videolarda butun avtobus alanga ichida qolgani, yo‘lda to‘xtab turgan mashinadan ulkan qora tutun ko‘tarilayotgani ko‘rinadi.
O‘quvchilarning yoshi va boshqa tafsilotlar hozircha ma’lum emas.