Bali orolida Levotobi vulqoni otilishi tufayli 20 dan ortiq xalqaro reyslar bekor qilindi, deb xabar beradi BBC.
Nguraxa Rai nomidagi aeroport bosh direktorining ma’lum qilishicha, 12 ta ichki va 22 ta xalqaro reys bekor qilingan, aeroport havo makoniga vulqon kuli natijasida hozircha zarar yetmagan.
Levotobi vulqoni 4 noyabr kuni harakatga kelgan va u 2 ming metr balandlikka kul otgandi. Oqibatda yaqin atrofdagi aholi yashash maskanlarida yong‘inlar yuzaga keldi, hukumat 10 mingdan ortiq fuqaroni evakuasiya qildi, 9 kishi halok bo‘ldi, shuningdek, 63 kishi jarohat olgan. To‘rtta aeroport vaqtincha yopildi.
Bundan tashqari, Levotobidan taxminan 600 kilometr uzoqlikda joylashgan Labuan-Bajo shahrida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan jaz festivali xavfsizlik nuqtai nazaridan keyingi yilga qoldirildi.