Bugun 5 dekabr, 2024 yil, payshanba

КИР

BAA o‘z tarixidagi eng yirik harbiy paradni o‘tkazdi

BAA o‘z tarixidagi eng yirik harbiy paradni o‘tkazdi

Birlashgan Arab Amirliklari o‘zining Milliy kunini mamlakat tarixidagi eng yirik harbiy paradni o‘tkazish bilan nishonladi. Bu haqda WAM xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu tadbir amirlik davlatining tashkil topganiga 53 yil to‘lishi, shuningdek, harbiy xizmat to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinganiga 10 yil to‘lishi munosabati bilan o‘tkazilgan.

Paradni BAA Bosh vaziri va Dubay hokimi shayx Muhammad bin Rashid al Maktum o‘tkazdi. Bundan tashqari, tadbirda mamlakat vise-prezidenti shayx Mansur bin Zoyid al Nahayon hamda Dubay valiahd shahzodasi va Mudofaa vaziri lavozimini egallab turgan shayx Hamdan bin Muhammad al Maktum ishtirok etdi.

Parad Abu-Dabi va Dubay chegarasidagi As-Samih hududida bo‘lib o‘tgan. Aynan shu joyda 1968 yil 18 fevral kuni ikki amirlik hokimlari shayx Zayd bin Sulton Al Nahayon va shayx Roshid bin Sayid al Maktum federasiya tuzish bo‘yicha kelishuvga erishgan.

Paradda F-16 va Mirage 2000 qiruvchi samolyotlari, C-17 Globemaster III va C-130 Hercules harbiy transport samolyotlari, AH-64 Apache va CH-47 Chinook vertolyotlari ishtirok etdi. Bayram paradi doirasida jami 23 ming harbiy xizmatchi va 2 ming texnika qatnashdi.

BAA Qurolli kuchlari vakili polkovnik Jamol al-Balushiyning aytishicha, o‘tgan tadbir mamlakat tarixidagi eng yirik harbiy parad bo‘lgan va unga tayyorgarlik bir necha oy davom etgan.

Ma’lumot uchun, BAA hukumati 2014 yilda milliy harbiy xizmat to‘g‘risidagi qonunni qabul qilgan. Unga ko‘ra, sog‘lig‘ida muammosi bo‘lmagan 17 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan barcha erkak harbiy xizmatga jalb etiladi. Xizmat muddati chaqiruvchining ta’lim darajasiga qarab 11 oydan 36 oygacha davom etadi. Ayollar esa ixtiyoriy asosda harbiy xizmatni o‘tashlari mumkin, ular uchun xizmat muddati 11 oy bilan cheklangan.

Kiritildi: 17:42 03.12.2024. O'qildi: 825 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!