Birlashgan Arab Amirliklari bunyodkorlik sohasida erishgan yutuqlari bilan mashhur. Masalan, dunyodagi eng baland imorat, eng katta sun’iy orol, eng yirik tomosha charxpalagi aynan shu zaminda. Yaqin kelajakda Amirliklar yana bir tashrif qog‘ozi bilan sayyoramiz ahlini hayratda qoldirmoqchi. Gap Al-Fujayradan Hindistonning Mumbay shahrigacha boradigan suv osti temir yo‘li qurilishi haqida.
Ushbu ulkan loyiha ilk bor 2018 yil ma’lum qilingan edi. O‘shanda 1 900 kilometrdan uzunroq suv osti temir yo‘li Arab dengizi sohillari bo‘ylab quriladi, deyilgandi.
Samolyotdan bir soat oldinroq, ya’ni ikki soatda yakuniy manzilga yetib boradigan tez yurar poyezd ikki mamlakat fuqarolari, turistlar va ishchilar uchun misli ko‘rilmagan qulaylik yaratishi kutilyapti. Keyinchalik yuk tashish imkoniyati ham paydo bo‘lishi mumkin.
Ekspertlar hisobicha, qurilishga 7-10 yil ketadi, loyiha qancha mablag‘ talab qilishini esa hozircha tasavvur qilish mushkul.