O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Birlashgan Arab Amirliklari (BAA)ning O‘zbekistonda diplomatik faoliyatini yakunlayotgan elchisi Muhammad Harib Al-Muhayribiyni qabul qildi. Bu haqda TIV matbuot xizmati ma’lum qildi.
Suhbat chog‘ida ikki tomonlama munosabatlarning holati va rivojlanish istiqbollari, shuningdek, BMT, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi hamkorlik muhokama qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 24-26 mart kunlari BAAga rasmiy tashrifining asosiy natijalari O‘zbekiston va BAA o‘rtasida yuqori darajadagi ishonch va o‘zaro anglashuv, savdo-iqtisodiy, investision aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvlarning faollashuvi ekani ta’kidlandi.
Turli darajadagi bo‘lajak ikki tomonlama aloqalarning vaqti va kun tartibi bo‘yicha takliflar yuzasidan fikr almashildi.
Suhbat so‘ngida vazir Muhammad Harib Al-Muhayribiyni avval bosh konsul, keyin esa BAAning O‘zbekistondagi birinchi elchisi sifatidagi 15 yillik faoliyatini muvaffaqiyatli yakunlangani bilan tabrikladi va ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.
O‘z navbatida, elchi O‘zbekistonga BAA Toshkentdagi diplomatik vakolatxonasi rahbari sifatidagi faoliyatida ko‘mak bergani uchun minnatdorlik bildirdi.