Prezident qaroriga ko‘ra , O‘zbekistonda ayrim o‘qituvchilarga milliy sertifikatlarni olish uchun subsidiya ajratiladi.
“2026-yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror bilan 2026 yil 1 iyuldan 2028 yil 1 yanvarga qadar Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kasbiy ta’lim sifatini oshirishga yo‘naltirilgan quyidagi turdagi subsidiyalar joriy etiladi:
o‘qituvchi va ishlab chiqarish ta’limi ustalariga xalqaro miqyosda tan olingan kasbiy ta’limga oid sertifikatlar, shuningdek, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxat asosida milliy sertifikatlarni olish uchun sarflangan mablag‘larning 50 foizi, biroq BHMning 20 baravarigacha;
Malakani baholash markazlarini tashkil etgan tadbirkorlarga xarid qilingan baholash vositalari xarajatlarining 30 foizi, biroq BHMning 200 baravaridan oshmagan miqdorda qoplab beriladi.
Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 martdan “mahalla yettiligi” xulosasiga asosan Ijtimoiy reestrdagi I guruh nogironligi bo‘lgan va mehnatga layoqatli a’zosi bo‘lmagan oilalar xonadonlarining devor va tomlarini izolyasiya qilish, energiya tejamkor deraza va eshik hamda quyosh panellari yoki geliokollektor o‘rnatish ishlari amalga oshiriladi.
Shu sanadan boshlab og‘ir toifadagi tumanlarda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar yillik 12 foiz stavkada ajratib boriladi.
Xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchisi tuman va shahar hokimi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.