Bugun 17 may, 2024 yil, juma

КИР

Ayrim dorixonalarda Quramax kompaniyasi olib kirgan dorilar hamon sotilayotgani aniqlandi

Ayrim dorixonalarda Quramax kompaniyasi olib kirgan dorilar hamon sotilayotgani aniqlandi

«Yuksalish» umummilliy harakati monitoringi natijasida ba’zi dorixonalarda taqiqlangan dorilar borligi aniqlangan.

2023 yil 26-27 yanvar kunlari «Yuksalish» umummilliy harakati tomonidan dorixonalarda taqiqlangan dori vositalarining sotilishini o‘rganish maqsadida monitoring o‘tkazilgan. «Sirli mijoz» ko‘rinishidagi monitoring O‘zbekiston bo‘ylab 308 ta dorixonani qamrab olgan.

Qayd qilinishicha, aksariyat dorixonalarda taqiqlangan dori vositalari sotuvdan olib qo‘yilgan, biroq omborlarda hamon saqlanayotgani ma’lum bo‘lgan.

«Ayrim dorixonalarda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan sotuvi to‘xtatilgan dori vositalari erkin sotuvda borligi aniqlangan. Xususan, Qashqadaryo viloyati (Qarshi shahri) va Surxondaryo viloyatining ayrim dorixonalarida (Jarqo‘rg‘on tumanidagi «Surxon Markaziy», «Do‘stlik» mahallalarida) Hindistonning «Marion Biotech Pvt. Ltd.» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan va Quramax Medical kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonga olib kirilgan «Nolgripp Junior» yo‘talga qarshi siropi, «Travamaks», «Nolgripp» va «Sinepar» tabletkalari va pastillarini hali ham xarid qilish mumkin. Aholi ushbu dori-darmonlarni yuz bergan fojiali holatlar, sog‘liq va hayot uchun ehtimoliy xavflarga qaramay, avvalgidek sotib olmoqda», deyiladi xabarda.

«Yuksalish» umummilliy harakati aholi orasida, ayniqsa, chekka qishloqlar, poliklinikalarda keng tushuntirish ishlarini o‘tkazish, taqiqlangan dori vositalari ro‘yxatini barcha dorixonalarning ko‘rinadigan joyiga ilib qo‘yish, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan savdosi to‘xtatilgan va sud tomonidan taqiqlangan, lekin omborlarda saqlanayotgan barcha dorilarni, tadbirkorlarga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash masalasini ko‘rib chiqqan holda, yo‘q qilinishini ta’minlashni tavsiya qilmoqda.

Avvalroq, O‘zbekistonda «Dok-1 Maks» siropini ichish oqibatida bolalar o‘limi kuzatilgan so‘ng, aybdorlarni aniqlash, ularni javobgarlikka tortish va bunday holatlarning oldini olish choralari ko‘rildi. Jumladan, bu dorini O‘zbekistonga olib kirgan Quramax Medikal kompaniyasi lisenziyasi sud tartibida bekor qilindi, yaroqsiz dori vositalarini muomaladan chiqarib tashlash va ularni yo‘q qilish to‘g‘risidagi talab qanoatlantirilgan edi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi aholi salomatligini muhofaza qilish va boshqa dori vositalarini qo‘shimcha tekshirish maqsadida 2022 yilda Quramax Medical tomonidan olib kirilgan barcha dori vositalari sotuvini to‘xtatdi. Bular 36 turdagi dorilar bo‘lib, ular ichiga «Dok-1 Maks», «Nolgripp» siroplari, «Travamaks» tabletkalari va eritma uchun granulalari kiradi.

Kiritildi: 21:04 03.02.2023. O'qildi: 2493 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!