Avstraliyada mamlakat tarixidagi eng yirik harbiy o‘quvlar bo‘lib o‘tyapti. Talisman Sabre 2025 xalqaro harbiy o‘quvlarida qatnashish uchun 19 mamlakatdan 35 mingdan ziyod harbiy kelgan.
Harbiylar dengiz, quruqlik, havo, fazo va kibermakonda ko‘nikmalarini oshiradi, dedi qo‘shma amaliyotlar rahbari vise-admiral Jastin Jons.
Talisman Saber — Avstraliya va AQSh tashkilotchiligidagi xalqaro harbiy o‘quvlar. Har ikki yilda bir marta o‘tkazilib, ikki mamlakat harbiy kuchlarining birgalikdagi harakatlarini ko‘zda tutadi. 2025 yilgi o‘quvlar 13 iyulda «Adelaida» aviatashuvchisi bortida tantanali ochildi.
Talisman Sabre 2025 o‘quvlarida Avstraliya va AQSh qatorida Kanada, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Niderlandiya, Norvegiya, Hindiston, Indoneziya, Singapur, Tailand, Yaponiya, Janubiy Koreya, Yangi Zelandiya, Filippin, Papua-Yangi Gvineya, Tonga va Fiji harbiylari qatnashmoqda.
Uch hafta mobaynida Avstraliya hamda sherik mamlakatlar harbiylari Kvinslend, Yangi Janubiy Uels, G‘arbiy Avstraliya shtatlari, Shimoliy hudud va Rojdestvo orolidagi o‘quvlarda qatnashadi. Ular doirasida jangovar otishmalar, dala mashqlari, qo‘shinlarni tayyorlash, dengiz desantini tashlash, quruqlik qo‘shinlari mashqlari, havo va dengiz janglari o‘tkaziladi.