Rejissyorning navbatdagi filmi psixologik drama janrida bo‘lib, «Bahorni quvib» deb nomlanadi.
Kartina Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan «O‘zbekfilm» tomonidan suratga olinadi.
Ayub Shahobiddinovning ma’lum qilishicha, tasvirga olish ishlari Surxondaryoning Boysun tumanida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Rejissyor viloyatda bo‘lib filmni tasvirga olish joylari bilan tanishdi.
Ssenariy muallifi – Erkin A’zam, operator – Diyor Ismatov, liboslar bo‘yicha rassom – Zuhra G‘aniyeva, kompozitor – Abulqosim Muinzoda.
Film bosh qahramoni ko‘plab qiyinchiliklarni boshdan kechiradi. Hayotda o‘z o‘rnini topgach, oradan o‘ttiz yil o‘tib, ma’lum sabablarga ko‘ra badarg‘a etilgan qishlog‘iga qaytadi. Asosiy voqeliklar shundan keyin boshlanadi. Ushbu filmda taqdir sinovlarini mehr va shafqat bilan qarshi olish haqida so‘z boradi.
Kinoloyiha bo‘yicha jarayon davom etmoqda, deb xabar qilmoqda Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi axborot xizmati.