Bugun 28 iyul, 2025 yil, dushanba

КИР

Asr vabosi

A A A
Asr vabosi

Bugungi asrimiz va kunimizda televizor, video, internet, telefon, kino va boshqalari tomonidan tarqalayotgan hayosizlik va odobsizliklar oqibatida ko‘plab insonlarning hayotlari barbod bo‘lmoqda. Yoshlar yoshlik umrlarini zino va shaxvoniy nafslarini qondirish bilan xarob qilmoqdalar. Bir umrga tuzilgan oilalar noshar’iy sevgi mashmashalari sababli buzilib ketmoqda. Ijtimoiy hayotda jamiyat zo‘rlash, fohishabozlik va bir jinsli aloqa va boshqa illatlarga oid muammolardan aziyat chekmoqda. Shu illatlardan biri OITSdir. Ma’lumki, bu kasallik inson organizmidagi kasallikka qarshi kurashuvchanlik qobiliyati (immunitet)ning yo‘qolishi bilan bog‘liq bo‘lib, hozirgi kunda bu kasallikning davosini topish ustida mutaxassislar izlanishlar olib bormoqdalar. Muqaddas Islom dini ta’limotida inson hayoti uchun zarur bo‘lgan sog‘liqning ulug‘ ne’mat ekanligi, uning qadriga yetish, zarurligi alohida ta’kidlagan. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar. Ikki ne’mat bor, ko‘pchilik kishilar bu ikkisining qadriga yetmaydilar: sihat-salomatlik va xotirjamlik , - dedilar. (Imom Buxoriy rivoyati). Darhaqiqat, sihat-salomatlik shunchalik ulug‘ ne’mat bo‘lishigaqaramasdan, uning qadriga ko‘proq uni yo‘qotgan kishilar yetadi. Shuning uchun arab maqollarining birida aytiladi: Salomatlik sog‘lom kishilarning boshidagi tojdir, uni esa faqat bemorlargina ko‘radi . Yana boshqa bir hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam marhamat qilganlar: Allohdan ofiyatni so‘ranglar, zero, bandaga ofiyatdan afzal narsa berilmagan (Imom Ahmad rivoyati). Ofiyat, bu salomatlik va omonlik demakdir. Shunga binoan, ota-bobolarimiz qachon va qayerda bo‘lmasinlar Alloh taolodan birinchi navbatda tinchlik va salomatlikni so‘raydilar.

Salomatlik Alloh taoloning ulug‘ ne’mati ekan, biz bandalar uning shukronasini ado etmog‘imiz, ayni paytda uni asrashni zimmamizdagi omonat deb bilmog‘imiz lozim bo‘ladi. Zero, qiyomat kuni Alloh taolo bizlarga bergan barcha ne’matlaridan hisob-kitob qilar ekan, salomatligimiz haqida ham alohida so‘rashligi muqarrar. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan quyidagi hadis vorid bo‘lgan Albatta, qiyomat kuni bandadan birinchi bo‘lib so‘raladigan savol shuki: Senga tanangni sog‘lom qilib bermaganmidik, seni muzdek suv bilan qondirmaganmidik .

Kasalni davolagandan ko‘ra uning oldini olgan yaxshiroq, degan naqlga muvofiq dinimizda salomatlikni asrashga katta e’tibor qaratilgan va uning oldini oladigan barcha omillar ko‘rsatib berilgan. Masalan, dinimizning poklik va ozodalikka barpo qilingani, mudom moddiy va ma’naviy poklikka buyurganining o‘zi ham shunga dalolat qiladi. Shuningdek, qaysi amallardan qaytargan va nima narsalarni harom qilgan bo‘lsa albatta, uning zamirida ham insonning sog‘ligini asrash, umuman hayotini himoya qilish maqsadi yotadi. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan quyidagi hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday dedilar: Qaysi qavmda fahsh ishlar paydo bo‘lib, hatto uni oshkora qilishga o‘tsalar, u qavmda vabo va o‘tgan ota-bobolarida bo‘lmagan kasalliklar tarqaladi (Imom Ibn Moja rivoyati). Hozirgi kunda OITS degan kasallikning asl paydo bo‘lish va tarqalish sababi aynan fahshu munkar ishlarga ruju qo‘yish, or-nomus, ibo-hayo, iffat kabi fazilatlarni unutib, razolat yo‘liga o‘tish ekanligi hech kimga sir emas. Shunday ekan, ajdodlarimiz hatto eshitmagan bunday ofatdan saqlanishimiz uchun milliy va diniy qadriyatlarimizga rioya qilishimiz ham muhim o‘rin tutadi. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:

Kim Allohning ne’mati kelgandan keyin uni o‘zgartirar (noshukrlik qilar) ekan, albatta, Alloh jazosi qattiq zotdir ( Baqara surasi, 211-oyat).

Boshqa bir oyatda esa: Bu (jazolarning sababi) Allohning bir qavmga in’om etgan ne’matini, to ular o‘zlaridagi narsani (munosabatni yomon holatga) o‘zgartirmagunlaricha, o‘zgartiruvchi bo‘lmaganidandir degan ( Anfol surasi, 53-oyat).

Shunday ekan, Alloh taolo ato etgan ulug‘ ne’mat bo‘lmish sog‘ligimizni asraylik, salomatlik vaqtimizni g‘animat bilib avvalo, o‘zimiz qolaversa, farzandlarimiz, el-yurtimiz manfaati va ravnaqi yo‘lida halol va savobli amallar qilish bilan bu ne’matning qadriga yetib, shukrini bajo keltiraylik. Zero, shukronasi ado etilgan ne’mat bardavom va bezavol bo‘ladi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: Alloh qanday dardni bersa, uni shifosi bilan yuboradi .

Manba: azon.uz

Kiritildi: 08:06 01.01.2019. O'qildi: 2847 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!