Bugun 27 iyun, 2025 yil, juma

КИР

Armanistonda hukumatga qarshi fitna fosh etildi: uni Rossiya bilan bog‘lashmoqda

Armanistonda hukumatga qarshi fitna fosh etildi: uni Rossiya bilan bog‘lashmoqda

Chorshanba kuni Armaniston hukumati hokimiyatni egallash bo‘yicha yirik reja fosh etilganini ma’lum qildi va o‘tgan yilgi ko‘chalardagi norozilik namoyishlari yetakchisi, arxiyepiskop Bagrat (Galstanyan) boshchiligida 14 kishini qo‘lga oldi.

Hokimiyatga yaqin ommaviy axborot vositalari va jamoat arboblari bu suiqasd ortida Rossiya turganini iddao qilmoqda, ammo Kremldagilar buni Armanistonning ichki ishi, deya atashmoqda, deb yozadi BBC.

Qo‘lga olinganlarning advokatlari ularning aybilarini rad etib, bu ishni stalincha repressiyalar to‘lqini bilan taqqoslamoqda.

Milliarder, sobiq prezidentlar va Rossiya — hukumat kimlarni suiqasd bilan bog‘lamoqda?

Seshanba kuni Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan muxolifatdagi manbalardan olingani aytilgan hujjatni e’lon qildi, ammo oppozisiya vakillari uni soxta deb atadi. Hozircha mazkur hujjatning haqiqiyligini mustaqil tarzda tasdiqlanmagan.

Rejada hokimiyatni bosqichma-bosqich egallash bo‘yicha harakatlar bayon etilgan. Armaniston hukumati bu suiqasd 2024 yilning yozida amalga oshirilmoqchi bo‘lganini aytmoqda, biroq Armaniston Tergov qo‘mitasi e’lon qilgan hujjatda iyul-sentyabr oylari tilga olingan.

Ertasi kuni, 25 iyun kun huquq-tartibot organlari arxiyepiskop Bagratni qo‘lga olib, unga terrorchilikka tayyorgarlik ko‘rish va hokimiyatni egallashga chaqirish ayblovini qo‘ydi.

Armanistonda «Hazrat Bagrat» deb tanilgan mazkur shaxs — 54 yoshdagi, xarizmatik jamoat arbobidir. U Armaniston apostollik cherkovi (AACh)ning yuqori martabali iyerarxi bo‘lib, ushbu cherkovga mamlakat aholisining 90 foizidan ortig‘i mansub.

2018 yilda Bagrat Pashinyanni hokimiyatga olib kelgan namoyishlarni qo‘llab-quvvatlagan, ammo keyinchalik muxolifat safiga o‘tgan. Uning Rossiya tarafdori ekani haqida ham aytish mushkul — u Buyuk Britaniya va Kanadada tahsil olgan va ishlagan.

Undan tashqari yana 13 kishi qo‘lga olindi, ular orasida muxolifatdagi «Dashnaqsutyun» partiyasi raisi o‘rinbosari Igor Sarkisyan ham bor. Shuningdek, muxolifatdagi «Armaniston» blokidan bo‘lgan parlament deputati Artur Sarkisyanning uyida ham tintuv o‘tkazildi.

Hukumat tomonidan oshkor qilingan va haqiyqiyligini darhol tekshirish imkoni bo‘lmagan audiyozuvlarda arxiyepiskop Bagrat go‘yoki rozi bo‘lmaganlarni otib tashlash va hokimiyatni zo‘rlik bilan egallashni taklif qilayotgani eshitiladi.

Qo‘lga olish vaqtida arxiyepiskop o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlar ustidan kulgan, ammo hukumat tomonidan taqdim etilgan dalillarga izoh bermagan.

Hukumat vakillari, ularning ta’kidlashicha, tintuvlar vaqtida suiqasd tarafdorlarining uylaridan o‘qotar qurollar topilganini, bu qurollar hokimiyatni egallashda ishlatilishi ko‘zda tutilganini aytmoqda. Ammo hukumat tanqidchilari bu videolarda faqat ovchilik qurollari aks etganini qayd etmoqda.

Qo‘zg‘olon rejasi bor degan hujjatda o‘tgan hafta qo‘lga olingan rossiyalik-armanistonlik milliarder Samvel Karapetyan hamda Armanistonning ikki sobiq prezidenti suiqasdchilar qatorida tilga olingan. Rejani moliyalashtirganlar sifatida esa Rossiya davlat korporasiyalariga tegishli bo‘lgan «Gazprom Armeniya» va «Janubiy Kavkaz temir yo‘llari» kompaniyalari ko‘rsatilgan.

Arxiyepiskop Bagrat qo‘lga olinganidan so‘ng hokimiyatdagi ayrim shaxslar va ularning tarafdorlari bu suiqasd ortida Rossiya turganini bilvosita ayta boshladi. Masalan, parlament spikeri o‘rinbosari Ruben Rubinyan arxiyepiskopga murojaat qilib: «Endi, hazratlari, sizga «xorijiy kuch markazlari» ham yordam bera olmaydi», dedi. Bu yerda «xorijiy markazlar» deganda Moskva nazarda tutilmoqda.

Pashinyan hukumati Rossiya ko‘magida to‘ntarish uyushtirilishi ehtimolidan jiddiy xavotirda. BBCʼning turli yillardagi suhbatdoshlari — vazirlar maxfiylik sharti bilan shunday xavf haqida gapirgan. Moskva esa bu ayblovlarni har doim rad etib kelgan.

«Armanistonda siyosiy muxolifat sifatida Kreml harakat qilmoqda — uning rolini esa shu yerdagi ijrochilar bajarayapti. Hukumat buni hozircha oshkor aytmayapti, ehtimol, Kreml bilan muloqot kanallarini yopmaslik uchun», — deb yozgan hukumatga yaqin faol Artur Sakuns. U o‘z da’volariga dalil keltirmagan.

«Bu Armanistonning ichki ishidir, — dedi Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov arxiyepiskop Bagrat qo‘lga olinishi munosabati bilan. — Biz, albatta, Armanistonda qonun ustuvorligi, osoyishtalik saqlanishidan manfaatdormiz. Va Armaniston gullab-yashnayotgan, barqaror va Rossiya uchun do‘st mamlakat bo‘lishini istaymiz».

Bu Armanistonda siyosiy taranglik avj olgan paytda hokimiyatdagi kuchlar Moskvaga aralashuv ayblovini qo‘yishi birinchi marta emas.

2023 yil sentyabrida hukumatga yaqin Telegram-kanallardan biri Kreml Pashinyanni ag‘darish uchun Armanistonga 3000 nafar «Vagner» jangchisini yuborgani haqida xabar tarqatgan edi. Lekin bu iddaoni tasdiqlovchi hech qanday dalil keltirilmagan va Rossiya Tashqi ishlar vazirligi buni provokasiya, deb atagan.

«Hokimiyat partiyasida Moskva doimo qandaydir jarayonlarni boshlashga urinayotgani haqida jiddiy xavotir mavjud, — deydi arman siyosatshunosi Tigran Grigoryan. — Bu xavotirlar qay darajada asosli yoki asossiz ekanini aniq aytish mushkul. Ammo ular bu xavflarni muntazam ravishda ko‘rib turishadi».

Dunyoviy hokimiyat ruhoniy rahbariyatga qarshi

Jinoyat ishida asosiy ayblanuvchi sifatida arxiyepiskop Bagrat ko‘rsatilayotgan bo‘lsa-da, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bu suiqasd ortida Armaniston apostollik cherkovi (AACh) rahbari — Katolikos Garegin II hamda rossiyalik va armanistonlik milliarder Samvel Karapetyan turganini da’vo qilmoqda.

Ruhoniyning himoyachilari bu ayblovlarni rad etmoqda — ularning ta’kidlashicha, Armanistonda shunchaki cherkov rahbarini qo‘lga olish hatto stalincha ta’qiblar davridan beri kuzatilmagan.

«Arxiyepiskop Bagrat mustaqil ravishda harakat qilgan va tergov organlari e’lon qilgan materiallarda ham cherkovning bu ishga aloqadorligi ko‘rsatilmagan», — deya uning advokati so‘zlarini keltiradi News.am nashri.

Pashinyan AACh rahbari bilan ochiq nizoda. U katolikosni ruhoniylarga xos bo‘lgan nikohsiz hayot va’dasiga xiyonat qilishda ayblamoqda hamda uni iste’foga chiqishga chaqirmoqda. Armanistonda cherkov davlatdan ajratilgan, ammo mahalliy siyosatshunoslar bu mojaroni siyosiy kurash deb baholamoqda — so‘nggi yillarda cherkov muxolif fikrlarning ta’sirli ovoziga aylandi va bu orada mamlakatda parlament saylovlari ham yaqinlashmoqda.

Milliarder Karapetyan Armaniston siyosiy hayotida bevosita ishtirok etmaydi, biroq o‘tgan hafta u AAChni qo‘llab-quvvatlashini bildirib, zarurat tug‘ilsa, cherkovni «o‘zicha» himoya qilishini aytdi.

Ayni shu kuni u hokimiyatni egallashga da’vat etganlik ayblovi bilan qo‘lga olindi — hukumat uning so‘zlarini aynan shunday talqin qilgan. Karapetyanning himoyachilari barcha ayblovlarni rad etmoqda.

Kiritildi: 17:02 26.06.2025. O'qildi: 752 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!