Bugun 27 iyul, 2026 yil, dushanba

КИР

Armaniston parlamenti xorijdan ovoz berishni taqiqladi

Armaniston parlamenti xorijdan ovoz berishni taqiqladi

Armaniston parlamenti mamlakat tashqarisida yashayotgan fuqarolarning saylovlarda ishtirok etishini taqiqlovchi qonun loyihasini ikkinchi va uchinchi o‘qishlarda qabul qildi. Tegishli o‘zgartishlar mamlakatning Saylov kodeksiga kiritiladi.

Yangi qoidalarga ko‘ra, parlament saylovlari va referendumlarda faqat so‘nggi 730 kunning kamida 366 kuni davomida Armanistonda doimiy yashagan fuqarolar ishtirok etishi mumkin. Bu talab navbatdagi saylovlardan 48 kun, muddatidan oldingi saylovlardan esa 28 kun avval bajarilgan bo‘lishi shart.

Qonunga kiritilgan o‘zgartishlarni Bosh vazir Nikol Pashinyanning «Fuqarolik shartnomasi» partiyasi qo‘llab-quvvatladi. Hokimiyat vakillariga ko‘ra, doimiy ravishda xorijda yashayotgan fuqarolar ko‘pincha mamlakatdagi ichki siyosiy vaziyatdan yetarlicha xabardor bo‘lmaydi yoki boshqa davlatlar siyosiy ta’siriga tushishi mumkin.

Muxolifatdagi «Armaniston» partiyasi esa ushbu o‘zgartishlar yuzasidan Konstitusiyaviy sudga murojaat qilishini ma’lum qildi.

Parlamentdagi ovoz berishdan oldin ham mazkur masala keng muhokama qilingan edi. Armaniston Markaziy saylov komissiyasi matbuot kotibi Seda G‘ukasyanning ta’kidlashicha, mamlakat fuqarolari faqat Armaniston hududida jismonan bo‘lgan taqdirdagina ovoz berishi mumkin.

Shu bilan birga, ayrim toifadagi fuqarolar uchun istisnolar saqlab qolingan. Ular qatoriga Armanistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari xodimlari, xizmat safarida bo‘lgan harbiylar, xorijda tahsil olayotgan harbiy xizmatchilar hamda ularning oila a’zolari kiradi.

14 iyun kuni Markaziy saylov komissiyasi amaldagi bosh vazir Nikol Pashinyan rahbarligidagi «Fuqarolik shartnomasi» partiyasini saylov g‘olibi deb e’lon qilgan edi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, saylovda qatnashish darajasi 58,97 foizni tashkil etgan va ovoz berishda 1,4 milliondan ortiq saylovchi ishtirok etgan. Muxolifat esa natijalarni qonuniy emas deb hisoblab, ovozlarni qayta sanashni talab qilmoqda.

Kiritildi: 16:42 03.07.2026. O'qildi: 745 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!